Jamiyat
Yoʻl transport hodisalarining 57 foizi yoʻl infratuzilmasidagi kamchiliklar hamda 43 foizi haydovchi tomonidan yoʻl harakati qoidalariga rioya qilmaslik oqibatida sodir etilgan. Oliy Majlis Senatining Mudofaa va xavfsizlik masalalari qoʻmitasi majlisida bu haqida maʼlum qilindi.
Taʼkidlanishicha, sodir boʻlayotgan yoʻl-transport hodisalarining 53,7 foizi piyoda va velosipedchilar bilan bogʻliq holatlar hissasiga toʻgʻri kelmoqda.
Bundan tashqari, yigʻilishda maktablarning 9 548 tasi transport qatnovi koʻp hududlarda joylashgan va aksariyat maktablar oldida piyodalar uchun yoʻlaklar mavjud emasligi, tegishli svetoforlar oʻrnatilmaganligi tanqid qilingan.
Jumladan, bunday loqaydliklar sabab joriy yilning 5 oyi davomida jami 359 nafar oʻquvchi bilan bogʻliq yoʻl-transport hodisasi sodir etilgan. Shundan 65 nafar oʻquvchi halok boʻlgan, 294 nafar oʻquvchi esa turli darajada tan jarohatlari olgan.
Xabarga koʻra, avtomobil yoʻllarida yoʻlovchilar xavfsizligini taʼminlash yuzasidan taʼsirchan nazorat toʻliq va samarali oʻrnatilmaganligi sababli 2023-yilda jami 16 milliondan ortiq qoidabuzarlik qayd etilgan.
Sodir etilgan 9 839 ta yoʻl-transport hodisasi oqibatida 9 209 nafar fuqaro jarohatlangan va 2 282 nafar fuqaro halok boʻlgan.
Eng achinarlisi, 2023-yilda bolalar bilan bogʻliq 1 794 ta yoʻl-transport hodisasi sodir etilib, ularda 1 568 nafar bola jarohatlangan va 263 nafar bola halok boʻlgan.
Joriy yilning 5 oyida esa mamlakat boʻyicha sodir boʻlgan umumiy yoʻl-transport hodisalarining soni har 100 ming aholiga 7,2 tani tashkil etgan. Bunda eng yuqori koʻrsatgich Toshkent shahrida (12,8 taga), Toshkent viloyatida (12,2 taga), Namangan viloyatida (9,1 taga) va Fargʻona viloyatiga (8,4 taga) toʻgʻri keladi.
Statistikaga koʻra, oʻlim bilan bogʻliq yoʻl-transport hodisalarining salmogʻi Samarqand, Toshkent (80 tadan), Fargʻona (69 ta), Qashqadaryo va Surxondaryo (53 tadan) viloyatlarida hamon yuqoriligicha qolmoqda.
Maʼlumot oʻrnida, 2024-yil 1-yanvar holatiga koʻra, respublikadagi jami 209,3 ming km avtomobil yoʻllarining 56,1 ming km qismi yoki 27 foizi taʼmirtalab holatda ekanligini ochiqlangan.
Avtomobil yoʻllarida inson xavfsizligini taʼminlash, yoʻllar nosozligi oqibatida sodir boʻlishi mumkin boʻlgan yoʻl-transport hodisalarining oldini olish maqsadida esa 2023-yilning oʻzida respublika boʻyicha qariyb 8 mingta obyektda umumiy qiymati 13,5 trln soʻmlik qurilish ishlari olib borilgan.
Jamiyat
Jamiyat
Jamiyat
Ilm-fan
Jamiyat
Sport
Jamiyat
Jamiyat
Jamiyat
Jamiyat
//
Izoh yo‘q