Endi Oʻzbekistonni haqorat qilgan shaxslar mamlakatga kiritilmaydi

Saqlash
23:03 / 25.06.2024 414 0

“Oʻzbekiston Respublikasida chet el fuqarolarining va fuqaroligi boʻlmagan shaxslarning huquqiy holati toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasining Qonuniga oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritish toʻgʻrisida”gi qonun loyihasi Oliy Majlisning navbatdagi yigʻilishida deputatlar tomonidan uchinchi oʻqishda qabul qilingan.

 

Qonun loyihasi hozirgi globallashuv sharoitida Oʻzbekiston suvereniteti va hududiy yaxlitligini muhofaza qilish boʻyicha qoʻshimcha chora-tadbirlar belgilash zaruratidan kelib chiqib, qabul qilingan.

 

Shuningdek, hujjat bilan chet el fuqarolari va fuqaroligi boʻlmagan shaxslarni Oʻzbekiston Respublikasida boʻlishi nomaqbul deb topish asoslari va tartibi belgilandi.

 

Jumladan, endi mazkur shaxslar tomonidan Oʻzbekistonning davlat suverenitetiga, hududiy yaxlitligiga va xavfsizligiga zid boʻlgan, davlatlararo, ijtimoiy, milliy, irqiy hamda diniy adovatni keltirib chiqaruvchi, Oʻzbekiston xalqining shaʼni, qadr-qimmatini yoki tarixini tahqirlovchi mazmundagi ommaviy chiqishlar qilish yoxud harakatlar sodir etish ularni Oʻzbekiston Respublikasida boʻlishi nomaqbul deb topish uchun asos boʻladi.

 

Bunday shaxslarga besh yil davomida Oʻzbekistonga kirish, banklarda hisobvaraq ochish, koʻchmas mulk sotib olish, davlat mulkini xususiylashtirishda ishtirok etish, moliyaviy va shartnomaviy munosabatlarga kirishishni taqiqlanadi. Ular Oʻzbekistondan deportatsiya qilinadi.

 

Taʼkidlash lozim, ushbu qonun loyihasining qabul qilinishi Oʻzbekistonning davlat suvereniteti, hududiy yaxlitligi va xavfsizligini mustahkamlashga, yurtimizda davlatlararo, millatlararo, dinlararo ahillik, totuvlikni himoya qilishga hamda Oʻzbekiston xalqining shaʼni, qadr-qimmati va tarixi hurmat qilinishini taʼminlashga xizmat qiladi.

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

//