Ruhan sogʻlom fuqaro ruhiy kasalliklar shifoxonasiga yotqizildi

Saqlash
17:48 / 25.06.2024 465 0

Ruhiy sogʻlom fuqaro uning roziligisiz ruhiy kasalliklar shifoxonasiga joylashtirilgan va tibbiy koʻrikdan oʻtkazilgan.

 

Jabrlanuvchi holat boʻyicha Oliy Majlisning Inson huquqlari boʻyicha vakili (ombudsman)ga murojaat qilgan va masʼullarga chora koʻrilishini soʻragan.

 

Maʼlum boʻlishicha, voqea Fargʻona viloyati Qoʻqon shahrida boʻlib oʻtgan. Unda fuqaro B.N. tuman IIB profilaktika inspektori va mahalla vakillari bilan hamkorlikda qonunga zid ravishda Qoʻqon shahrida joylashgan viloyat 2-sonli ruhiy kasalliklar shifoxonasiga joylashtirilgan.

 

Ombudsmanning Fargʻona viloyatidagi mintaqaviy vakili fuqaro B.N. bilan uchrashganda u ruhiy kasalliklar shifoxonasiga koʻrikdan oʻtkazish uchun joylashtirilishida rozilik xatiga imzo qoʻymagani, shunga qaramasdan uni shifoxonaga joylashtirishgani va 3 kun davomida koʻrikdan oʻtkazishgani hamda sogʻlom boʻlganligi sababli javob berib yuborishganligini maʼlum qilgan.

 

Murojaat yuzasidan oʻtkazilgan oʻrganish davomida fuqaro B.N.ning soʻzlari tasdiqlangan.

 

Xabarda aytilishicha, rostdan ham shifoxona qabulxonasida davolanishi uchun olingan rozilik tilxatida uning imzosi boʻlmaganligi, shunga qaramasdan uning ruhiy holatini tekshirish uchun qabul qilgan vrach A.Jo‘rayev tomonidan shifoxonaga joylashtirilib, tibbiy koʻrikdan oʻtkazilganligi aniqlangan.

 

Yakunda “Psixiatriya yordami toʻgʻrisida”gi Qonunining 24-moddasi 2-qismida psixiatriya tekshiruvi tekshirilayotgan shaxsning maʼlumotlarni bilgan holda tekshiruv oʻtkazilishiga ixtiyoriy roziligi mavjud boʻlgan taqdirda amalga oshirilishi talablari buzilganligi maʼlum boʻlgan.

 

Shundan soʻng Fargʻona viloyat 2-sonli ruhiy kasalliklar shifoxonasiga Ombudsman xulosasi kiritilgan.

 

Xulosaga koʻra, shifoxonaning navbatchi vrach-psixiatri A.Jo‘rayevga oʻz ishiga sovuqqonlik bilan yondashgani uchun “hayfsan” berilgan.

 

Qonun buzilish holatlari qayta takrorlanmasligi boʻyicha masʼullar ishtirokida yigʻilish oʻtkazilib, shifokorlar ogohlantirilgan.

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

//