Piyodani urib, voqea joyidan qochib ketgan haydovchi qidirilmoqda

Saqlash
20:38 / 21.06.2024 506 0

Xorazmda 35 yoshli piyodani (1989-yilda tugʻilgan) urib yuborgan haydovchi voqea joyidan qochib ketgan.

 

Maʼlum boʻlishicha, voqea 18-iyun kuni, soat taxminan 01:45 larda Urganch-Honqa avtomobil yoʻlida sodir boʻlgan.

 

Oʻsh kuni Xonqa tumanining “Bunyodkor” mahallasida yashovchi X.Egamberdiyev yoʻl chetida harakatlanib borayotganda nomaʼlum avtomashina uni urib yuborgan.

 

Haydovchi mazkur holatda birinchi tibbiy yordam koʻrsatmasdan hodisa joyidan ketib qolgan. Natijada jabrlanuvchi olgan ogʻir tan jarohatlari tufayli hodisa joyida vafot etgan.

 

Hozirgi kunda yoʻl-transport hodisasini sodir etgan haydovchi va unga tegishli avtomashinani aniqlash va ushlashga qaratilgan qidiruv-surishtiruv ishlari olib borilmoqda.

 

“Aziz yurtdoshlar, agar siz ushbu yoʻl-transport hodisasini sodir qilgan shaxs toʻgʻrisida biron-bir maʼlumotga ega boʻlsangiz, 102, 62 220-40-14, 97-602-02-22, 90-713-08-13 telefon raqamlari orqali xabar berishingizni soʻraymiz”, deyiladi xabarda.

 

Taʼkidlanishicha, jinoyatni fosh etishda yaqindan yordam bergan shaxs 10 mln soʻm miqdoridagi pul mukofoti bilan taqdirlanadi va unga tegishli maʼlumotlar sir saqlanishi kafolatlanadi.

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

//