Endi ishlovchi pensionerlar oylik yoki pensiyadan faqat bittasini oladimi?

Saqlash
17:00 / 21.06.2024 1007 0

Ishlovchi pensionerlar oylik yoki pensiyadan faqat bittasini olishi toʻgʻrisidagi xabarlarning hammasi asossiz gaplardir. Bu boʻyicha hech qanday qonun loyihasi ham tasdiqlangan emas. Ishlovchi pensionerlar pensiyani ham, oylikni ham 100 foiz oladi.

 

Oldingi tartibda ayrim ishlovchi nafaqadagi shaxslarga ularga tayinlangan pensiyaning 50 foizi toʻlanar edi. Biroq bu tartib 2019-yilda oʻzgartirilgan boʻlib, oʻz kuchini yoʻqotgan. Shundan soʻng ishlovchi pensionerlarning hammasi oylik maoshini ham, pensiya pulini ham 100 foizi olishi mumkin boʻldi.

 

Taʼkidlanishicha, koʻpchilik Oʻzbekiston Respublikasi Iqtisodiyot va moliya vazirligi, Soliq qoʻmitasi va Markaziy banki Boshqaruvining “Ish beruvchilar tomonidan fuqarolarning shaxsiy jamgʻarib boriladigan pensiya hisobvaraqlariga majburiy jamgʻarib boriladigan pensiya badallarini hisoblash va toʻlash tartibi toʻgʻrisidagi nizomni tasdiqlash haqida”gi qarori loyihasiga chalgʻimoqda.

 

Mazkur qaror loyihasi shaxsiy jamgʻarib boriladigan pensiya hisobvaraqlariga majburiy jamgʻarib boriladigan pensiya badallarini hisoblash va toʻlash tartibiga taalluqli boʻlib, davlat pensiyalarini tayinlash va toʻlashga aloqasi yoʻq.

 

“Fuqarolarning davlat pensiya taʼminoti toʻgʻrisida”gi qonun Oʻzbekiston Respublikasi fuqarolarining qariganda, mehnat qobiliyatini toʻliq yoki qisman yoʻqotganda, boquvchisiz qolganda ijtimoiy taʼminlanishdan iborat konstitutsiyaviy huquqlarini roʻyobga chiqarish, davlat pensiyalarining yagona tizimini, ularni tayinlash, hisoblab chiqarish, qayta hisoblash va toʻlash tartibini belgilaydi.

 

“Fuqarolarning jamgʻarib boriladigan pensiya taʼminoti toʻgʻrisida”gi qonunning maqsadi esa fuqarolarning jamgʻarib boriladigan pensiya taʼminoti sohasidagi munosabatlarni tartibga solishdan iborat.

 

Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi 42-moddasida ham har kim munosib mehnat qilish, kasb va faoliyat turini erkin tanlash, xavfsizlik va gigiyena talablariga javob beradigan qulay mehnat sharoitlarida ishlash, mehnati uchun hech qanday kamsitishlarsiz hamda mehnatga haq toʻlashning belgilangan eng kam miqdoridan kam boʻlmagan tarzda adolatli haq olish, shuningdek, ishsizlikdan qonunda belgilangan tartibda himoyalanish huquqiga egaligi belgilab qoʻyilgan.

 

46-moddada esa har kim qariganda, mehnat qobiliyatini yoʻqotganda, ishsizlikda, shuningdek boquvchisini yoʻqotganda va qonunda nazarda tutilgan boshqa hollarda ijtimoiy taʼminot huquqiga egaligi taʼkidlangan.

 

Bundan kelib chiqadiki, pensionerlarning har ikkala summani ham 100 foizdan olishi asosli va qonunan tasdiqlangandir.

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

//