Ayollar “burqa”sini kiyib yurgan yigit qamaldi

Saqlash
14:21 / 21.06.2024 802 0

Toshkent shahrining “Chorsu” bozorida ayollar “burqa”sini kiyib yurgan yigit 15 sutkaga qamaldi.

 

Maʼlum boʻlishicha, 19-iyun kuni P.B. “Chorsu” bozori oldida shaxsni tanib boʻlmaydigan darajada yuzini berkitib yurganida, noodatiy xatti-harakatlar bilan IIO xodimlarining eʼtiborini tortgan.

 

Shundan soʻng u ichki ishlar organlari xodimlari tomonidan toʻxtatilgan va shaxsini aniqlash hamda holat yuzasidan hujjatlarni rasmiylashtirish maqsadida IIB binosiga taklif etilgan.

 

Biroq yigit qonuniy talablarni bajarishdan bosh tortgan va xodimlarning xizmat faoliyatiga faol qarshilik koʻrsatgan.

 

Aniqlik kiritilishicha, ushbu shaxs 2002-yilda Toshkent viloyati Boʻka tumanida tugʻilgan.

 

20-iyun kuni Jinoyat ishlari boʻyicha Shayxontohur tuman sudida mazkur shaxsga nisbatan ochilgan maʼmuriy ish koʻrib chiqildi.

 

Xabarga koʻra, P.B. sudda yoshligidan ayollar kiyimiga qiziqqani sababli bozor atrofida “burqa” nomli ayollar kiyimini kiyib yurganini tasdiqlagan.

 

Sud yigitni Maʼmuriy javobgarlik toʻgʻrisidagi kodeksning 184(4)-moddasi (Jamoat joylarida shaxsini identifikatsiya qilish imkonini bermaydigan koʻrinishda boʻlish) hamda 195-moddasida (Ichki ishlar organlari xodimlarining oʻz xizmat burchlarini bajarishlariga qarshilik koʻrsatish) nazarda tutilgan huquqbuzarliklarni sodir etgan deb topgan.

 

Yuqorida keltirilgan bandlar bilan yigitga BHMning 10 baravari (3 mln 400 ming soʻm) miqdorida jarima va 15 sutka maʼmuriy qamoq jazosi tayinlangan.

 

Maʼlumot uchun, sudlanuvchida hukm ustidan 10 kun ichida apellyatsiya shikoyatini berish huquqi bor.

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

//