Oʻzbekistonda qonuniy tarzda notkoin bilan savdo qilishning imkoni yo‘q

Saqlash
17:11 / 20.06.2024 423 0

Istiqbolli loyihalar milliy agentligi(ILMA) oʻzbekistonliklar notkoin bilan qanday qilib qonuniy savdo qilishi mumkinligi boʻyicha maʼlumot berdi.

 

Maʼlum boʻlishicha, ayni vaqtda Oʻzbekistonda faoliyat yuritayotgan litsenziyasi bor kriptobirjalarning birontasida notkoin sotib ololmaydi. Chunki ularning savdo savatida mazkur kriptovalyuta mavjud emas. Bu esa mamlakatda notkoin bilan qonuniy savdo qilish hozircha imkonsizligini anglatadi.

 

“Notkoin bilan savdo qilishning qonuniy usuliga kelsak, bizda xizmat provayderlariga oʻrnatilgan tartibda taklif bilan chiqish huquqimiz bor, lekin ular ham tadbirkorlik subyektlari hisoblanadi, bizdan litsenziya olishgani bilan ularga „mana bu kriptoaktivni birjangga chiqar“ deyishga haqimiz yoʻq. Bu narsani tadbirkorlik subyektlarining oʻzi bozorni oʻrganish asosida amalga oshirishi kerak”, — degan ILMA rasmiy xodimi.

 

Mutaxassis, shuningdek, tashkilot hozirda fuqarolarning yangi chiqqan, ommalashayotgan kriptoaktivlar bilan ham savdo qilish imkoniga ega boʻlishi ustida ishlanayotganini maʼlum qilgan.

 

“Biz ham hozir bozorda yuz berayotgan jarayonlarni koʻrib, bilib turibmiz. Shundan kelib chiqib, xizmat provayderlariga oʻz savdo savatlariga yangi chiqqan, ommalashayotgan kriptoaktivlarni ham qoʻshish boʻyicha taklif berganmiz. Fuqarolarimizga bu kriptoaktivlar boʻyicha ham qonuniy savdo qila olish imkoniyatini yaratish niyatimiz bor. Bu boʻyicha ishlar amalga oshirilmoqda. Lekin jarayon qancha vaqt olishi boʻyicha hech narsa deya olmaymiz”, — degan u vaziyatni izohlash jarayonida.

 

Maʼlumot uchun, Oʻzbekistonda fuqarolar 2023 yil 1 yanvardan boshlab faqat litsenziyaga ega boʻlgan milliy xizmat provayderlari orqali kriptoaktiv oldi-sotdisini amalga oshirishi mumkin. Qoidalar nafaqat notkoinga, balki barcha kriptoaktivlarga tegishlidir. Mazkur qonunchilik kriptoaktivlar noqonuniy aylanmasining oldini olishga qaratilgan.

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

//