Jamiyat
Nukus shahar IIO FMB profilaktika inspektori A.M. oʻziga biriktirilgan mahallada istiqomat qiluvchi keksa yoshdagi O.Y.ning yaqin qarindoshlari yoʻqligi va aqli norasoligidan foydalanib, uning mulklarini qoʻlga kiritish maqsadida, goʻyoki Y.O. jamoat joylarida yurish-turish qoidalarini buzib yurganligi toʻgʻrisida 1-son ruhiy-asab kasalliklari shifoxonasi rahbariga bildirishnoma yozib, majburan shifoxonaga joylashtirgan va jabrdiydani uyidan chiqarib yuborgan. Bu haqida Qoraqalpogʻiston Respublikasi prokuraturasi xabar berdi.
Maʼlum boʻlishicha, inspektor keksa fuqaro O.Y.ga qarashli turar joyga egalik huquqini tasdiqlovchi orderni soxtalashtirib, kadastr idorasi xodimi Ch.S. koʻmagida qalbaki kadastr hujjatlarini tayyorlagan va turar joyni oʻzining nomiga rasmiylashtirishgan.
A.M. qilgan jinoyatlarini yashirish maqsadida, turar joyni turmush oʻrtogʻi O.D.ga hadya shartnomasi orqali qayta rasmiylashtirgan hamda jabrlanuvchi Y.O.ning juda koʻp miqdordagi mol-mulkini yashirin ravishda talon-toroj qilgan.
Jumladan, u jabrlanuvchi Y.O.ning ojizligidan foydalangan holda qoʻlga kiritgan bank plastik kartasidagi pul mablagʻlarini oʻz ehtiyojlariga ishlatib yuborgan.
Bundan tashqari, u O.Y.ning bankdagi omonat hisob-raqamida saqlanayotgan juda koʻp miqdordagi pullarini ham oʻzlashtirgan. Inspektor bunda bank xodimlarini goʻyoki omonatni egasiga berish uchun olayotganligiga ishontirgan.
Mazkur pullarga esa xodim opasining nomiga “Lacetti” rusumli avtomashina xarid qilib olgan.
Jinoiy ishi oshkor boʻlgan A.M. ustidan tergov harakatlari boshlangan.
Unga Jinoyat kodeksining 206-moddasi 2-qismi “a” bandi, 228-moddasi 2-qismi “a, b” bandlari, 228-moddasi 3-qismi, 169-moddasi 4-qismi “a” bandi, 243-moddalari hamda kadastr idorasi xodimi Ch.S.ga JKning 228-moddasi 2-qismi “a” bandi, 228-moddasi 3-qismi va 28,169-moddasi 4-qismi “a” bandi bilan ayb eʼlon qilinib, jinoyat ishi sud muhokamasiga yuborilgan.
Ammo Nukus shahar sudi sudyasining joriy yil 7-iyundagi hukmiga asosan, tergov organi tomonidan A.M.ga JKning 169, 228, 243-moddalari bilan qoʻyilgan ayblovlar asossiz ravishda olib tashlangan. Inspektor buning oʻrniga JKning 206-moddasi 2-qismi “a” bandi bilan aybli deb topib, 2 yil muddatga muayyan huquqdan mahrum qilingan hamda unga 2 yil muddatga ozodlikdan cheklash jazosi tayinlagan.
Shuningdek, profilaktika inspektorining hamtovogʻi, kadastr idorasi xodimi Ch.S. ning ayblovidan ham JKning 228-moddasi 3-qismi va 28,169-moddasi 4-qismi “a” bandi olib tashlanib, u JKning 228-moddasi 2-qismi “a” bandi bilan aybli deb topilgan.
Bundan tashqari, sud hukmi bilan tergovda jabrlanuvchi O.Y.ning soxta hujjatlar asosida begonalashtirilgan turar joyi talon-toroj etilishi oqibatida yetkazilgan zararni qoplash maqsadida undirilgan 180 mln 50,7 ming soʻm pul mablagʻi ham profilaktika inspektoriga, yaʼni sudlanuvchiga qaytarib berilgan.
Yakunda barcha kirdikorlar oshkor boʻlgach prokuratura organlari tomonidan apellyatsiya muddatida ish hujjatlari oʻrganilib, mazkur sud hukmi roʻyi-rost asossiz, adolatsiz va noqonuniy deb topilgan va sud qarorini bekor qilish haqida protest keltirildi.
“Ish apellyatsiya instansiyada koʻrilishida, malakali prokuror ishtiroki taʼminlanadi”, deyiladi xabarda.
Jamiyat
Jamiyat
Jamiyat
Ilm-fan
Jamiyat
Sport
Jamiyat
Jamiyat
Jamiyat
Jamiyat
//
Izoh yo‘q