Jamiyat
Milliy tiklanish demokratik partiyasi raisi Alisher Qodirov Otalar kunini milliy tarzda ommalashtirishni taklif qildi.
Uning nafaqat oilada, butun jamiyatda erkakni, yaʼni amaldagi yoki boʻlajak otalar ohorini toʻkib, nomini oyoqosti qilib yuborilayotgani boʻyicha oʻz fikrini bildirgan.
“Bogʻcha va maktabni erkak tarbiyachi va oʻqituvchilar tashlab ketganiga ancha boʻldi. Soʻnggi yillarda erkaklar oiladan ham siqib chiqarilayotgandek…”, deydi u.
Milliy tiklanish demokratik partiyasi raisi erkaklarni tarbiyalashda ayollarning oʻzini tutishi haqida ham quyidagicha fikr yuritadi:
“Millat taqdiri quriladigan bu maskanlar rad etilayotgan otalikning achchiq mevalari – asabiy ayollarning eʼtirozlari bilan boʻgʻilmayaptimi? Nega onalar, tarbiyachi va oʻqituvchi ayollar bu qadar asabiy?
Turli millatlarda qadriyatlar turlicha boʻladi, bizniki ham oʻzimizga xos. Ming yillar shakllangan qadriyatlarimizda erkak va ayol munosabatlaridagi muvozanatni ayol farovonligining asosiy dushmani deb koʻrsatayotganlar, allaqachon oila va otalikni yanchib tashlab boʻlgan madaniyatlar targʻibotchilariga tashlab qoʻymayapmizmi?
Ahmoq hamma millatda topiladi, ikkita zoʻravon, tarbiyasizni bosh sahnaga chiqarib, oʻzbek erkaklari hammasi zoʻravon, ayolini xor qiladi degan qarashlarni yoshlarimizga singdirilishini oqibati nima boʻladi?”
Qodirov, shuningdek, bugun oilalarning buzilishiga erkakning asossiz ayblanishi sabab boʻlayotganini taʼkidlaydi. U “milliy oila madaniyatimiz, otalarni rad etayotgan, erkak-ayol munosabatlarida inqirozga tushib qolgan madaniyatlar taʼsirida qolib ketayotgandek” koʻrinishi haqida yozadi.
“Bizni qadriyatlarimiz ayollarining qomati va hadsizligi emas, oilaparvarligi, hayo va maʼrifati bilan faxrlangan. Ota, erkak — jamiyat shaʼni shavkatini(ng) himoyachisi! Mukarram va hikmatli onalar bu himoyachilarni tarbiyalovchilardir!” deydi Qodirov.
Milliy tiklanish demokratik partiyasi raisi, shu bilan birga, “saylov dasturida farzand koʻrgan ayollarga tarbiya treninglarida ishtirok etish sharti bilan 3 yilgacha haq toʻlanadigan onalik taʼtili berish taklifi ustida ish olib borilayotganini” ham maʼlum qilgan.
“Agar onalar shavkatli farzandlar uchun halovatidan kechmasa, otasini tanimaydigan farzandlar nafaqat onasi, balki butun jamiyatni nafsiga qurbon qiladi.
Otalar kuni jiddiy siyosiy-ijtimoiy kun sifatida ommalashtirilishi zarur.
Oila munosabatlarimiz jiddiy tadqiq qilinishi kerak, bu milliy taraqqiyotni taʼminlashga xizmat qiladigan muhim xulosalarga olib keladi”, deya oʻz fikrini bayon qiladi partiya raisi.
Jamiyat
Jamiyat
Jamiyat
Ilm-fan
Jamiyat
Sport
Jamiyat
Jamiyat
Jamiyat
Jamiyat
//
Izoh yo‘q