Ilm-fan
Oʻzbekistonda maktab oʻquvchilari orasida matematika va boshqa aniq fanlarni ommalashtirishga yoʻnaltirilgan “Al-Jabrning otasi” nomli yangi ilmiy-ommabop jurnal nashr etildi. Jurnal Muhammad ibn Muso al-Xorazmiy shaxsi va uning fanga qoʻshgan ilmiy hissasiga bagʻishlangan boʻlib, tabiiy fanlarni ommalashtirishga intilayotgan oʻqituvchilar, oʻquvchilar va keng ilmiy jamoatchilikka moʻljallangan.
“Al-Jabrning otasi” Oʻzbekiston Fanlar akademiyasi va Qozogʻiston Milliy Fanlar akademiyasi koʻmagida chop etildi. Jurnalning qozoq tilidagi nashri 2023-yili chiqarilgan va Qozogʻiston bozorida ancha katta mashhurlikka erishgan. Endilikda jurnal “Al-Jabrning otasi” nomi bilan oʻzbek auditoriyasiga ham taqdim etilmoqda.
“Maqsadimiz – buyuk ajdodlar yoʻlini davom ettirish. Al-Xorazmiy dunyo ilm-faniga ulkan hissa qoʻshgan olim edi. Kuzatuvlarimga koʻra, oʻzbek va qozoq yoshlari oʻrtasida umumiy jihatlar koʻp. Taʼlim tizimi, fanlar va xarakter oʻxshash. Biz duch keladigan muammolar ham qariyb bir xil. Umid qilamanki, ushbu jurnal oʻquvchilarga fanlarni qiziqarli va oson tarzda oʻrganishlariga yordam beradi”, deydi Qozogʻiston Milliy Fanlar akademiyasi vitse-prezidenti jurnalning Oʻzbekistonda chop etilishiga yuqori baho berib. Nashr aniq fanlarni oʻzbek, qozoq va rus tillarida oʻrgatuvchi “Qalan” platformasi koʻmagida chop etilmoqda.
Maʼlumot uchun “Qalan” – xalqaro platforma boʻlib, matematika fanlarini qozoq, oʻzbek va rus tillarida oʻqitish imkonini beradi. Onlayn platformada maktab oʻquvchilari oʻqituvchilar va sunʼiy intellektga asoslangan chat-bot yordamida suhbatlashishadi. Hozirda Qozogʻiston, Oʻzbekiston va Rossiyada 600 mingdan ortiq foydalanuvchi platformaga ulangan.
“Al-Jabrning otasi” jurnalida turli qiyin mavzular qiziqarli tarzda tushuntirilgan, rangli suratlar va yangicha yondashuv bilan yozilgan maqolalarni oʻqishingiz mumkin. Nashr oʻzbek matbaasida oqsayotgan yoʻnalish – oʻquvchilar uchun chiqariluvchi ilmiy-ommabop jurnallar ichida oʻz oʻrnini va muxlislarini topishiga umid qilamiz.
Siyosat
Jahon
Ilm-fan
Jamiyat
Jamiyat
Jamiyat
Jamiyat
Jamiyat
Jamiyat
Jamiyat
//
Izoh yo‘q