“Hammasi tegishli jazosini olishini xohlayman” – Kaltaklangan bolaning onasi unga pul taklif qilinganini aytdi

Saqlash
16:31 / 14.06.2024 605 0

Ijtimoiy tarmoqlarda bir ayol farzandining ogʻir ahvolda yotgani, janjal tufayli shu holatda kelganini aytib, Oʻzbekiston xalqiga, mutasaddi rahbarlarga qilgan murojaati tasvirlangan video tarqaldi.

 

Maʼlum boʻlishicha, yoshlar oʻrtasidagi janjal Namangan viloyati Pop tumani “Chorkesar” mahallasidagi bilyard klubida sodir boʻlgan.

 

Oʻsha kuni ikki guruh yoshlar oʻzaro janjallashib, mushtlashib ketishadi. natijada yigitlardan uch nafari turli xil darajadagi jarohatlanadi.

 

Jumladan, ulardan biri M.T. (hozirda kasalxonada yotgan bemor) hodisa natijasida ogʻir tan jarohati olgan.

 

Ayolning maʼlum qilishicha, shifokorlar bolaga “miya chanogʻi sinishi hamda ikki tomonlama qon quyilish” tashxisini qoʻygan. Yigit zudlik bilan operatsiya qilingan.

 

Aniqlik kiritilishicha, ayol yigitning ikkinchi onasi boʻlib, ikki yarim yoshidan katta qilgan.

 

“Bolamni shu holatga keltirgan fuqarolar jazolanmasdan, hozir tashqarida yurishibdi. Besh nafar shaxslar urib, orqa tomondan bilyard tayoqchasi bilan hamda ichimlik shishasi bilan boshiga 5-6 marotaba urishgan… Bilishimcha, 5 ta boladan bittasiga aybni yuklashib, qolganlari ozod boʻlib ketdi”, deya maʼlum qilgan ayol.

 

Ayol shuningdek oʻgʻlining ahvolini koʻrgan eri infarkt boʻlib qolganini ham aytgan.

 

“Ikkita nogiron odam hozir reanimatsiya boʻlimining ikkita xonasida turibdi. Menga kelib pul taklif qilishdi. Yordam beramiz deyishdi. Menga ularning yordami kerak emas. Hammasi tegishli jazosini olishi xohlayman”, degan u.

 

Pop tuman hokimligining 13-iyun kuni bergan xabariga koʻra, mazkur holat yuzasidan 11 iyulda Pop tumani IIB huzuridagi Tergov boʻlinmasi tomonidan JKning 104-moddasi 2-qismi “e, l” bandlari bilan jinoyat ishi qoʻzgʻatilib, ayblanuvchiga nisbatan qamoqqa olish tarzidagi ehtiyot chorasi qoʻllanilgan.

 

Shuningdek, ayblanuvchining ushbu harakatlariga daxldor boʻlgan qolgan shaxslar ham jinoyat ishi boʻyicha Oʻzbekiston Respublikasi JKning 277-moddasi 2-qismi “b” bandi bilan gumonlanib, koʻrilayotgan ishda ishtirok etishga jalb qilingan va qonuniy qaror qabul qilinishi taʼminlangan.

 

“Hozirda Pop tumani IIB huzuridagi Tergov boʻlinmasi tomonidan tergov harakatlari olib borilmoqda va jinoyat ishi Namangan viloyati IIB tomonidan alohida nazoratga olingan”, deyiladi xabarda.

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

//