Markaziy bank asosiy stavkani oʻzgartirmadi

Saqlash
19:30 / 13.06.2024 398 0

Markaziy bank pul-kredit sharoitlarini nisbatan qatʼiy fazada saqlab qolish va asosiy stavkani 14 foiz darajasida oʻzgarishsiz qoldirish toʻgʻrisida qaror qabul qildi. Bundan koʻzlangan maqsad energiya tariflari oʻzgarishining inflyatsion kutilmalarga taʼsirini jilovlashdir.

 

“Iqtisodiyotda yuqori yalpi talab va ikkilamchi taʼsirlar tomonidan inflyatsion xatarlarning mavjudligi sharoitida inflyatsiyani prognoz gorizontida 5 foizlik target koʻrsatkichigacha pasaytirish maqsadida Markaziy bank kelgusida ham ijobiy real foiz stavkalarini yetarli darajada saqlab qolish choralarini koʻradi”, deyiladi Markaziy bank press-relizida.

 

Maʼlum boʻlishicha, may oyida umumiy inflyatsiya uy xoʻjaliklari uchun energiya resurslari narxlari oshirilishi hisobiga tezlashib, yillik 10,6 foizni tashkil etgan.

 

Energiya narxlari taʼsirisiz esa inflyatsiya darajasi oziq-ovqat tovarlari inflyatsiyasining sezilarli mavsumiy pasayishi hisobiga 6,8 foiz doirasida shakllangan.

 

Aprel oyidagi energiya tariflari oʻzgarishi borasidagi muhokamalar hamda ayrim soliq imtiyozlarining bekor qilinishi taʼsirida aholi va tadbirkorlarning inflyatsion kutilmalari oshib, mos ravishda 14,0 va 13,3 foizga teng boʻlgan. May oyida aholi kutilmalari 14,0 foiz darajasida oʻzgarishsiz qolgan boʻlsa, tadbirkorlarning kutilmalari 12,7 foizgacha pasaygan.

 

Endilikda tariflar oʻzgarishining inflyatsion kutilmalarga taʼsiri dastlab prognoz qilinganidan koʻra pastroq shakllanmoqda.

 

“Bu, oʻz navbatida, makroiqtisodiy rivojlanish koʻrsatkichlari va yil yakunida inflyatsiya darajasining asosiy ssenariy prognozlari doirasida boʻlishiga xizmat qiladi”, deyiladi maʼlumotda.

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

//