Farzandiga shafqatsiz munosabatda boʻlgan ayol 3 yilga qamaldi

Saqlash
14:28 / 11.06.2024 391 0

Ikki yildan beri 2018-yilda tugʻilgan farzandini muttasil kaltaklab kelgan onaga 3 yilga ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlandi.

 

Xabarga koʻra, Buxoro viloyati Shofirkon tumanida yashovchi S.N. (ayol) bu qilmishi uchun oldinroq JKning 110-moddasi, “a,v” bandlari bilan jinoyat ishi qoʻzgʻatilgan va shundan soʻng tergov davomida ayblanuvchiga JKning 104 -moddasi boʻyicha qoʻshimcha ayb eʼlon qilinib, bu jinoyat ishi sudga yuborilgan.

 

Jinoyat ishlari boʻyicha Shofirkon tuman sudi ishni mazmunan koʻrib chiqib, joriy yilning 2-may kuni chiqarilgan sud hukmiga koʻra, S.N. JKning 104-moddasi 2-qismi, “v” bandi (Qasddan badanga ogʻir shikast yetkazish) bilan aybdor deb topilib, 3 yil ozodlikdan mahrum qilingan.

 

Maʼlum boʻlishicha, bugungi kunda Shofirkon tumani “Inson” ijtimoiy markazi tomonidan 2018-yilda tugʻilgan S.F. ga dastlabki tarzda vasiy sifatida B.Z. (ayol) tayinlanib, bola uning qaramogʻiga topshirilgan.

 

Hozirda vasiylik va homiylik organi tomonidan S.N.ning farzandiga nisbatan boʻlgan onalik huquqidan mahrum qilish masalasi bilan bogʻliq tegishli choralar koʻrilmoqda.

 

“Bolalar ombudsmani bolaning kelgusi taqdirini belgilash jarayonlari yuzasidan oʻz kuzatuvini davom ettirmoqda”, deyiladi munosabatda.

 

Oldinroq bolasiga rahm qilmay, ayovsiz kaltaklagan ona 5 yilga qamalgani haqida xabar berilgan edi.

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

//