Prezident manfaatlar toʻqnashuviga doir qonunni imzoladi

Saqlash
00:08 / 06.06.2024 371 0

Prezident tomonidan “Manfaatlar toʻqnashuvi toʻgʻrisida”gi Qonun imzolandi.

 

Mazkur qonun davlat organlariga va mahalliy davlat hokimiyati organlariga, davlat muassasalariga, davlat unitar korxonalariga, davlat maqsadli jamgʻarmalariga, shuningdek ustav fondida (ustav kapitalida) davlat ulushi 50 foiz miqdorda va undan ortiq boʻlgan aksiyadorlik jamiyatlariga nisbatan tatbiq etiladi.

 

Quyidagi shaxslar davlat organining yoki boshqa tashkilotning xodimiga aloqador shaxslar deb eʼtirof etiladi:

◻️ davlat organi yoki boshqa tashkilot xodimining yaqin qarindoshlari;

 

◻️ davlat organining yoki boshqa tashkilotning xodimi va (yoki) uning yaqin qarindoshlari qaysi yuridik shaxsning ustav fondi (ustav kapitali) aksiyalariga yoki ulushlariga egalik qilsa, oʻsha yuridik shaxs;

 

◻️ davlat organining yoki boshqa tashkilotning xodimi yoxud uning yaqin qarindoshlari qaysi yuridik shaxsda boshqaruv organining rahbari yoki aʼzosi boʻlsa, oʻsha yuridik shaxs.

 

Qonunga koʻra, Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi manfaatlar toʻqnashuvi bilan bogʻliq munosabatlarni tartibga solish sohasidagi maxsus vakolatli davlat organi hisoblanadi.

 

Davlat organi yoki boshqa tashkilot xodimi tomonidan qonun talablariga rioya etilishi ustidan nazorat ushbu davlat organida yoki boshqa tashkilotda tuzilgan odob-axloq komissiyasi tomonidan amalga oshiriladi.

 

Shu bilan birga, hujjatga binoan, manfaatlar toʻqnashuvi toʻgʻrisidagi axborotni oshkor etish davlat organining yoki boshqa tashkilotning xodimi tomonidan mavjud manfaatlar toʻqnashuvi toʻgʻrisida xabarnoma hamda ehtimoliy manfaatlar toʻqnashuvi toʻgʻrisida deklaratsiya taqdim etish orqali amalga oshiriladi.

 

Ehtimoliy manfaatlar toʻqnashuvi toʻgʻrisidagi deklaratsiyada quyidagi maʼlumotlar koʻrsatilishi kerak:

➖ davlat organi yoki boshqa tashkilot xodimining lavozimi hamda uning familiyasi, ismi, otasining ismi, shuningdek uning jismoniy shaxsning shaxsiy identifikatsiya raqami;

 

➖ davlat organi yoki boshqa tashkilot xodimi yaqin qarindoshlarining familiyasi, ismi va otasining ismi, ularning jismoniy shaxsning shaxsiy identifikatsiya raqami (mavjud boʻlgan taqdirda), shuningdek ish joyi va lavozimi;

 

➖ davlat organining yoki boshqa tashkilotning xodimi yoki uning yaqin qarindoshlari aksiyador boʻlgan aksiyadorlik jamiyatining rasmiy nomi va uning soliq toʻlovchining identifikatsiya raqami;

 

➖ davlat organi yoki boshqa tashkilot xodimining yaqin qarindoshi muassis (ishtirokchi), boshqaruv organi aʼzosi boʻlgan yuridik shaxsning rasmiy nomi, shuningdek uning soliq toʻlovchining identifikatsiya raqami.

 

Maʼlumot oʻrnida, qonun rasmiy eʼlon qilingan kundan eʼtiboran 6 oy oʻtgach kuchga kiradi.

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

//