Jamiyat
Senat ishchi guruhi Andijon viloyatidagi maktabgacha taʼlim tashkilotlarini koʻzdan kechirgan holda, hududdagi davlat bogʻchalarida tashkil etilayotgan ovqatlantirish tizimini salbiy baholagan.
Maʼlum boʻlishicha, Oliy Majlis Senatining Fan, taʼlim va sogʻliqni saqlash masalalari qoʻmitasi oʻtkazgan majlisda Andijon viloyatida maktabgacha taʼlim tashkilotlarida bolalarni ovqatlantirish holati muhokama qilingan.
Xulosaga koʻra, muassasa oshxonalari taʼmirtalab ekani, jihozlar, idish-tovoqlar yetishmasligi, sifatsiz mahsulotlar olib kelingani maʼlum boʻlgan.
“Xususan, Shahrixon tumani 52-sonli davlat maktabgacha taʼlim tashkiloti binosi eski boʻlib, oshxona tashqi va ichki xonalari toʻliq taʼmirtalab, stol, stul va boshqa jihozlar yetishmaydi. Oshxona sanitariya-gigiyena talablariga javob bermaydi, tozalash ishlari oʻtkazilmagan, bolalar uchun idish-tovoqlar yetarli emas.
Shuningdek, taom tayyorlash, oziq-ovqat mahsulotlarini sifatli qabul qilish, saqlash uchun zarur sharoitlar yaratilganligi oʻrganilganda, Qoʻrgʻontepa tumanidagi 2-sonli davlat maktabgacha taʼlim tashkilotida brakeraj komissiyasi tomonidan mahsulotlar qabul qilib olinmayotganligi natijasida sifatsiz oziq-ovqat mahsulotlari kirim qilinganligi aniqlandi”, deyiladi xabarda.
Sogʻliqni saqlash vazirligi vakili Nurmat Otabekovning taʼkidlashicha, bunday MTTlar faoliyatini bugunning oʻzidayoq toʻxtatish kerak.
“Senatdan tashkil qilingan ishchi guruh borib koʻrgan MTTlari ishlashi kerak emas. Ularning faoliyatini shu bugunning oʻzidayoq toʻxtatish kerak. Olib kelgan mahsulotlari notoʻgʻri saqlanib, tomir otivorsa, turgan joyida chirisa, qaysi bir oshpaz oʻsha chirigan yo unib ketgan kartoshkani tashavoradi? Albatta, uni bolalarga yegizadi. Idish-tovoqlar yetarli emas. Chetlari singan. Demak, u bolalarning labini, lunjini, tillarini kesib olish ehtimoli, hatto, bor. Talablarga rioya etmagan. Faqat negativ. Mening nazarimda sal bir qattiqroq chora koʻrilishi kerakki, aynan shu mutasaddilarga nisbatan, 4 ta tumandagi. Toki, bu boshqa birovlarga ham maktab(oʻrnak) boʻlsin”, degan Nurmat Otabekov.
Maʼlumot uchun, Andijon viloyati maktabgacha va maktab taʼlimi boshqarmasi tasarrufida jami 549 ta davlat maktabgacha taʼlim tashkiloti boʻlib, ularda 122 386 nafar bola tarbiyalanmoqda.
103 ta (18,8 foiz) davlat maktabgacha taʼlim tashkilotida bolalarni ovqatlantirish autsorsing usulida tashkil etilgan boʻlib, 7 ta autsorserlarga oshxonalar ijaraga berilgan. Qolgan 446 ta (81,2 foiz) davlat maktabgacha taʼlim tashkilotida bolalarni ovqatlantirish tuman va shahar maktabgacha va maktab taʼlim boʻlimi tomonidan tashkil etilgan.
Jamiyat
Jamiyat
Jamiyat
Ilm-fan
Jamiyat
Sport
Jamiyat
Jamiyat
Jamiyat
Jamiyat
//
Izoh yo‘q