Oʻzbekistondagi 2 ta OTM dunyo oliygohlari TOP-1000 taligiga kirdi

Saqlash
10:08 / 05.06.2024 808 0

Nufuzli Quacquarelli Symonds xalqaro reyting agentligi (QS) dunyoning eng yaxshi universitetlari reytingini (World University Rankings 2025) eʼlon qildi.

 

Mazkur roʻyxatda dunyoning turli davlatlarida faoliyat yuritadigan oliygohlarning 1500 tasi kiritilgan boʻlib, reyting 105 ta oliy taʼlim tizimi boʻyicha ishlab chiqilgan.

 

Eʼtiborlisi, bu reytingga Oʻzbekistonning 2 ta oliygohi ham kiritilgan. Ular – Toshkent irrigatsiya va qishloq xoʻjaligini mexanizatsiyalash muhandislari instituti Milliy tadqiqot universiteti (547-oʻrin) va Mirzo Ulugʻbek nomidagi Oʻzbekiston milliy universiteti (781–790-oʻrin).

 

Aniqlanishicha, TIQXMMI Milliy tadqiqot universiteti “Akademik nufuz” koʻrsatkichi boʻyicha dunyoning eng yaxshi 300 ta oliy oʻquv yurtlari qatoriga, shuningdek, Markaziy Osiyodagi eng yaxshi universitetlar uchligiga kirgan.

 

Oʻzbekiston milliy universiteti esa “Chet ellik oʻqituvchilar ulushi” koʻrsatkichi boʻyicha dunyoning 200 ta eng yaxshi universitetlari qatoridan joy olgan. Markaziy Osiyoda ham bu oliygoh ikkinchi oʻrinni qayd etgan.

 

Maʼlumot oʻrnida, reytingda Amerika Qoʻshma Shtatlari eng koʻp vakillik qilingan mamlakat sifatida tilga olingan. Mazkur davlatdan 197 ta OTM ushbu roʻyxatga kiritilgan.

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

//