Oʻz vaqtida borgan tez yordam shifokori sababsiz kaltaklandi

Saqlash
22:58 / 04.06.2024 709 0

Toshkent viloyatida tez yordam shifokori kaltaklandi.

 

Maʼlum boʻlishicha, voqea 1-iyun kuni Toshkent tumani Chuvalachi hududida sodir boʻlgan.

 

Oʻsha kuni mahallaning Dilkash koʻchasi 15-uyida yashovchi oila tez yordam chaqiradi. Bunga 1998-yilda tugʻilgan oila aʼzosining boshi ogʻriyotgani sabab boʻlgan.

 

Chaqiruv soat 16:39 da hududga eng yaqin “Yangiobod” shoxobcha brigadasiga uzatilgan. Shifokor va feldsherdan iborat brigada manzilga soat 16:45 da yetib borgan. Bemor shifokorga bosh ogʻrigʻi, bezovtalik, umumiy holsizlik kabi shikoyatlari borligini va buyrak kasalligi boʻyicha davolanayotganini bildirgan.

 

Shifokor birlamchi tekshiruvdan AQB120/80, Puls 75ta, T-36,6 C aniqlagan va ogʻriqni qoldirish uchun feldsherga ogʻriq qoldiruvchi dori vositasini shprisga tortib taxlashini aytgan. Shu vaqtda shifokor bemorga qoʻshimcha kasalliklari boʻyicha savollar berayotgan vaqtda, bemor shifokorga qarab “SAN KIMSAN, ISHINGNI TEZROQ QIL” deya haqoratlagan va oʻrnidan turib, toʻsatdan shifokorning yuziga musht tushirgan. Natijada shifokorning labi va pastki jagʻ sohasidan qon ketishni boshlagan. Shuningdek, maʼlum bir vaqt shifokorda karaxtlik holati kuzatilgan.

 

Holat boʻyicha hudud profilaktika inspektori Q. Toʻrayevga xabar berilgan.

 

Shifokor boshqa brigada bilan TTA-3 Yuz-jagʻ jarrohligi boʻlimiga olib kelingan. Jarohat joyi tikilib, qon oqishi toʻxtatilgan.

 

Shifokor ishini davom ettirish maqsadida ish joyiga qaytgan. Ammo biroz vaqtdan soʻng shifokorda bosh ogʻrigʻi, bosh aylanishi, koʻngil aynishi, umumiy holsizlik kuzatila boshlagan va zudlik bilan TTA-2 klinikasiga gospitalizatsiya qilingan.

 

TTA-2 Neyroxirurgiya boʻlimiga soat 23:45 da quyidagi tashxis bilan yotqizilgan: “Bosh miya yopiq jarohati. Bosh miya chayqalishi. Oʻng tomon pastki lab sohasida tikilgan jarohati. Oʻng pastki jagʻda yumshoq toʻqimalar lat yeyishi”.

 

Hozirgi vaqtda bemor-shifokor boʻlimda tibbiy muolajalarni qabul qilmoqda.

 

“Shu oʻrinda, shifokor ariza bilan tegishli organlarga murojaat qilgan taqdirda, shifokorni kaltaklagan fuqaroga nisbatan qasddan jarohat yetkazganlik uchun jinoiy ish qoʻzgʻatilishini maʼlum qilamiz”, deyiladi xabarda.

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

//