Stadionga turli narsalar otgan muxlislar javobgarlikka tortildi

Saqlash
23:28 / 31.05.2024 1879 0

“Andijon” FK stadionida maydonga turli narsalar otgan muxlislar dron tasvirlari orqali topilib, jazolandi.

 

Maʼlum boʻlishicha, holat shu yilning 18-mayida “Andijon” – “Metallurg” oʻyinida kuzatilgan.

 

Andijon viloyati Milliy gvardiya xodimlarining tezkor saʼy-harakatlari evaziga tribunadan maydonga turli xil narsalar uloqtirgan muxlislar aniqlanib, ularga tegishli jazo choralari qoʻllanilgan.

 

Shuningdek, mazkur shaxslarga nisbatan OʻFA Tartib-intizom qoʻmitasi tomonidan ham jarima jazosi qoʻllanilgan.

 

 

Tartibbuzarlar qilgan ishidan afsuslanib, uzr soʻragan;

 

“Maydonga uloqtirgan narsalarimiz afsusdamiz hamda IIB va Milliy gvardiya xodimlaridan uzr soʻraymiz. Qilgan ishimizdan pushaymonmiz. Qilgan ishlarimizga yarasha javobini oldik. jarimalar qoʻllanildi. Aziz futbol ishqibozlari keyingi, “Andijon” – “Paxtakor” uchrashuvida, siz aziz muxlislardan iltimos qilib qolamiz, biz qilgan ishlarni takrorlamaslikka”, deydi ular.

 

“Andijon” futbol klubi matbuot xizmatining yozishicha, endilikda jamoaning har bir uy uchrashuvi uchun sektorlarda alohida nazorat kameralari ishga tushiriladi. Shu sababdan klub “Bobur arena”ga keladigan ishqibozlardan tartib-intizomga qatʼiy amal qilishlarini soʻragan.

 

“Jamoamizni qoʻllab-quvvatlang, ammo aslo tartibsizlikka yoʻl qoʻymang. Buning oqibatini yuqoridagi videoda koʻrib turibsiz. Ertaga siz ham shu holatga tushib qolmang!

 

Jamoamizni 2-iyun kuni “Paxtakor”ga qarshi oʻtkaziladigan uchrashuvda stadionda faol qoʻllab-quvvatlang va barchaga namuna boʻling”, deyiladi klub xabarida.

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

//