Yagona shoshilinch chaqiruv xizmati tashkil etiladi

Saqlash
14:44 / 31.05.2024 1692 0

Joriy yilning 29-mayida “112” yagona dispetcherlik xizmati faoliyatini tashkil etish toʻgʻrisida”gi Hukumat qarori qabul qilindi.

 

Hujjatga koʻra, endi hodisa va favqulodda vaziyatlar roʻy berganda shoshilinch yordam koʻrsatish uchun “112” qisqa raqamiga qoʻngʻiroq qilinadi. Bunda chaqiruvga asosan avtomatlashtirilgan tarzda qayta ishlash imkonini beruvchi yagona dispetcherlik xizmati tashkil etiladi.

 

Mazkur xizmat orqali fuqaro Ichki ishlar vazirligi, Favqulodda vaziyatlar vazirligi, Sogʻliqni saqlash vazirligi, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Ijtimoiy himoya milliy agentligi hamda “Hududgaztaʼminot” aksiyadorlik jamiyatiga tegishli muammolar boʻyicha shoshilinch maʼlumotlarni yetkazadigan yagona tizim hisoblanadi. Shu hisobda, fuqaro yuqoridagi tashkilotlarga taalluqli muammolar kuzatilganda birgina “112ʼ raqamiga boʻgʻlanib, chaqiruvni amalga oshirishi mumkin.

 

“112” yagona dispetcherlik xizmatining asosiy vazifalari quyidagilar etib belgilandi:

◻️ fuqarolarning chaqiruvlarini qabul qilish va avtomatlashtirilgan tarzda qayta ishlash, ularga bepul asosda shoshilinch, tez va kechiktirib boʻlmaydigan yordamni tashkil etish va koʻrsatish;

◻️ shoshilinch yordam koʻrsatishni boshqarish va muvofiqlashtirish;

◻️ vazirlik va idoralarning shoshilinch xizmatlari oʻrtasida yaqindan axborot almashinuvi boʻyicha tezkor oʻzaro hamkorlikni taʼminlash.

 

Dispetcherlik xizmatidan respublikaning barcha hududlarida foydalanish mumkin, ammo boshlanishida u bosqichma-bosqich ishga tushiriladi.

 

Jumladan:

▪️ 2024-yil 1-iyundan – Toshkent shahri va Toshkent viloyatida;

▪️ 2024-yil birinchi yarim yilligida – Andijon, Namangan va Fargʻona viloyatlarida;

▪️ 2024-yil yakuniga qadar – Qoraqalpogʻiston Respublikasi va qolgan viloyatlarda.

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

//