Birovning kreditiga kafil boʻlishdan oldin beriladigan 10 ta eng muhim savol

Saqlash
22:40 / 29.05.2024 1006 0

Birovning kreditiga kafil boʻlishda nimalarni bilish zarurligi hozir koʻpgina odamlarni oʻylantiradi.

 

Quyida mazkur masalaning jiddiy ekanligini anglatuvchi 10 ta muhim savollar jamlangan:

 

1. Qarzdor kreditni toʻlolmasa, nima boʻladi?

Ushbu savol siz kafil boʻlishingizdan oldin oʻzingizga oʻzingiz beradigan birinchi savol boʻlishi lozim. Kafillikning mohiyati shundaki, u qarzdor olgan kreditini toʻlashi uchun javobgarlikni oʻziga oladi. Bunday javobgarlik qarzning toʻliq summasiga yoki bir qismiga boʻlishi mumkin (yaʼni, bu qism shartnomada kelishiladi).

 

2. Bitta kredit boʻyicha bir nechta kafil boʻlsa, qarz kimdan olinadi?

Bu savol allaqachon kafil boʻlib ulgurganlar tomonidan koʻp bora beriladi. Odatda barcha kafillar bank oldida solidar javobgar boʻladi (bunda subsidiar belgilanishi ham mumkin). Agar qarzdor kreditni toʻlamasa, bank qarzni istalgan bitta kafildan yoki hammasidan bir paytda soʻrashi mumkin. Bank oldida barcha kafillar teng qarzdor sanaladi.

 

3. Kafil qarzdorning kreditlarini toʻlamasa, nima boʻladi?

Agar qarzdor ham, kafil ham kreditni toʻlamasa, bank ularning har ikkalasini sudga berishi mumkin. Kafil qarzdor bilan bir xil hajmda javob beradi.

 

4. Kredit olingandan soʻng kafillikdan voz kechish mumkinmi?

Kafil boʻlish uchun yozma shaklda kafillik shartnomasi tuziladi. Bu shartnomani esa bir tomonlama buzib boʻlmaydi. Shunday ekan, kafillikdan bosh tortish imkonsiz. Afsuski Kafil ishini yoʻqotishi, kasallik, farzandi uchun kontrakt toʻlashi, kafil boʻlgan tanishi bilan orasining buzilishi yoki boshqa sabablar shartnomani buzishga asos boʻlmaydi.

 

5. Qanday qilib kafillikni bekor qilish mumkin yoki qachon kafillik bekor boʻladi?

Bunda bir nechta jihatlar bor:

◻️ Birinchi holatda, qarz (yaʼni, kredit) yopilsa;

◻️ Ikkinchi holatda, kafilning javobgarligi uning roziligisiz oshirilsa yoki boshqa noqulay oqibatlarga olib kelsa;

◻️ Uchinchi holatda, kafillik berilgan odam kafilning roziligisiz oʻzgarsa;

◻️ Toʻrtinchi holatda, kreditor kelishilgan pul yoki xizmatni qabul qilmasa;

◻️ Beshinchi holatda, kafillik muddati tugasa.

 

6. Kafilning oʻzi kredit ololadimi?

Mumkin, ammo doim ham emas. Bu qaror bankning kredit siyosatiga va kafilning kreditga layoqatliligini baholashga bogʻliq. Kafil kredit olish holatida qarz oluvchi sifatida baholanadi.

 

Agar qarz oluvchi boshqa kredit boʻyicha kafil boʻlsa, bankning kredit berish toʻgʻrisidagi qaroriga quyidagi omillar taʼsir qilishi mumkin:

 

▪️ kafillik boʻyicha ajratilgan kredit summasi;

▪️ soʻralgan kredit miqdori;

▪️ kreditning muddati va uni qaytarishgacha boʻlgan muddat;

▪️ daromad miqdori – kafil daromadi ikkala kredit boʻyicha oylik toʻlovlarni amalga oshirish uchun yetarli boʻlishi kerak.

 

Shu bilan birga, qarz oluvchining qarz yuki koʻrsatkichi 50 foizdan oshmasligi kerak.

 

7. Bir paytda ikkita qarzdorga kafil boʻlish mumkinmi?

Ushbu masala bankning kredit siyosati hamda asosiy qarz oluvchining kreditga layoqatliligini baholash natijalariga bogʻliq. Natijalar bankning siyosatiga mos boʻlgan taqdirda kafillikka ruxsat beriladi.

 

8. Kafil qarzdorning kreditini yopib qoʻysa, nima boʻladi?

Bunday holatda bankning kredit boʻyicha barcha huquqlari kafilga oʻtadi. Ammo kafilning huquqlari u bankka toʻlagan pul miqdori bilan cheklanadi. Endilikda kafil qarz beruvchi hisoblanadi. U qarzdordan foizlar, bundan tashqari, oʻziga yetgan zararni qoplashni talab qilishi mumkin.

 

9. Kafil oʻzining kafilligi uchun pul soʻrashi mumkinmi?

Mumkin, agar qarzdor va kafil oʻrtasidagi shartnomada boshqacha shart boʻlmasa. Kafillik uchun toʻlov miqdori oʻzaro kelishiladi.

 

10. Kafil boʻlishdan oldin qanday maʼlumotlarni aniqlashtirib olish kerak?

Birovning qarzni qaytirishini kafolatlash jiddiy qaror. Qarorning jiddiyligi kredit miqdoriga qarab oshib boraveradi. Shuning uchun kafillik berilayotgan har bir holatda hissiyotlarga berilmay vaziyatni tahlil qilish kerak.

 

Vaziyatni quyidagi maʼlumotlar asosida baholash mumkin.

– kredit summasi va foizi;

– kredit muddati;

– kredit turi va maqsadi;

– kredit toʻlov grafigi boʻyicha oylik toʻlov summasi;

– kredit taʼminotiga boshqa garov mulklari qoʻyilgan yoki qoʻyilmaganligi;

– kafillik berilayotgan kishini boshqa kreditlari bor yoki yoʻqligi;

– kafillik berilayotgan kishining oylik daromadlari;

– kafillik berilayotgan kishini shaxsiy xarakteri: punktualligi, tartibliligi, hisobliligi.

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

//