Prezident Milliy estrada instituti faoliyati bilan tanishdi

Saqlash
22:02 / 16.05.2024 2049 0

Shavkat Mirziyoyev Oʻzbekiston davlat konservatoriyasi huzuridagi Botir Zokirov nomidagi Milliy estrada instituti faoliyati bilan tanishdi, deb xabar berdi Prezident matbuot xizmati.

 

 

Maʼlumot uchun, bu taʼlim maskani davlatimiz rahbarining 2020-yil 2-dekabrdagi qarori asosida, Oʻzbekiston xalq artisti Botir Zokirov tavalludining 85 yilligi doirasida tashkil etilgan.

 

Institutning asosiy vazifasi madaniy va ilmiy merosdan foydalanib, milliy estrada sanʼatini rivojlantirish, mohir ijrochilar va pedagoglar tayyorlash, zamonaviy kuy-qoʻshiqlar yaratishdir.

 

Institutda estrada vokal sanʼati, cholgʻu ijrochiligi, texnogen sanʼat, bastakorlik sanʼati, sanʼatshunoslik, dirijyorlik kabi yoʻnalishlarda mutaxassislar tayyorlanmoqda. Bugungi kunda 479 nafar talaba tahsil olmoqda. Ularga professor-oʻqituvchilar, xalq artistlari dars beradi.

 

 

Prezident tashrif davomida dars jarayonlarini kuzatib, oʻqituvchi va talabalar bilan muloqot qilgan.

 

- Avvalo, mana shunday dargoh bilan sizlarni, butun sanʼatsevar yoshlarimizni tabriklayman. Biz bu ishlarni nima uchun qilyapmiz? Sanʼatimizning buyuk merosini, yoshlarimizning nimalarga qodirligini dunyoga tarannum etish uchun. Institutga milliy sanʼatimizda fenomen boʻlgan Botir Zokirov nomini berganimiz ham bejiz emas. Bu yerda uning munosib izdoshlarini tarbiyalashni, isteʼdodini yuzaga chiqarishni maqsad qilganmiz, — degan Shavkat Mirziyoyev.

 

 

Xabarga koʻra, oʻquv yurti kutubxonasida sakkiz mingdan ortiq adabiyot va notalar jamlangan. Milliy estrada boʻyicha ilmiy, amaliy va ijodiy izlanishlar olib borish uchun tadqiqot markazi ham tashkil etilgan.

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

//