Tovlamachilik qilgan bloger qamaldi

Saqlash
17:28 / 16.05.2024 1908 0

Maʼlum boʻlishicha, voqea Fargʻona viloyati Buvayda tumanida boʻlib oʻtgan.

 

Sanasi aniq ochiqlanmagan xabarda Fargʻona viloyati IIB YHXB inspektori tumanning A.Navoiy koʻchasida xizmat olib borayotgan paytda qarzdorligi va hujjatlarini tekshirish uchun fuqaro boshqaruvidagi “Spark” rusumli avtomashinani toʻxtatadi.

 

Mashina toʻxtab, inspektor haydovchilik guvohnomasini taqdim qilishini soʻraganida, fuqaro hujjatlari uyda qolib ketganini aytadi.

 

Inspektor qonun talabiga asosan bunday holatda maʼmuriy bayonnoma rasmiylashtirishi lozim. Shundan soʻng transport vositasi vaqtinchalik jarima maydonchasiga joylashtiriladi. Ammo haydovchi “onasi kasalligini” aytadi va inspektorga pul taklif qiladi. Bunaqa vaziyatda inspektor haydovchining noqonuniy taklifi yuzasidan IIB boshligʻi nomiga bildirgi bilan murojaat qilishi lozim, ammo xodim bildirgi yozmaydi, pulni ham olmaydi.

 

Bu vaqtda blogerlik bilan shugʻullanuvchi shaxs (haydovchining tanishi, ismi ochiqlanmagan) holatni telefoni bilan tasvirga olib turgan boʻladi.

 

Ertasi kuni oʻsha bloger Buvayda tuman IIB yoʻl harakati xavfsizligi guruhi boshligʻining xizmat xonasiga kirib boradi va inspektorning “qilmishi” haqidagi soxta kadrlarni koʻrsatadi. Shuningdek, bloger inspektorni pora olganlikda ayblaydi.

 

Keyin xodimni ishdan olinmasligi va video tarqalib ketmasligi uchun 15 ming dollar soʻraydi.

 

U ketgach xodimlar tovlamachilikka nisbatan qonuniy yoʻl tutadi.

 

Inspektor viloyat IIB boshligʻi nomiga bildirgi kiritadi. Ikki kundan soʻng esa mazkur holat boʻyicha oʻtkazilgan tezkor tadbir jarayonida bloger Buvayda tuman IIB YHX guruhi binosida inspektordan talab qilingan 15 ming AQSh dollarining 10 ming AQSh dollarini olayotgan vaqtida ushlanadi. Natijada, unga nisbatan jinoyat ishi qoʻzgʻatiladi.

 

Keyinchalik surishtiruvlarda bloger va uning yana bir nechta sheriklari bir qator noqonuniy ishlarga aloqador boʻlib chiqadi.

 

Yakunda Jinoyat ishlari boʻyicha Quva tuman sudi sudlanuvchilarni Jinoyat kodeksining tegishli moddalari bilan aybdor deb topadi.

 

Blogerga ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlanadi.

 

Uning sheriklariga – bir nafariga ozodlikni cheklash, ikki nafariga axloq tuzatish ishlariga jalb qilish jazosi beriladi.

 

Shuningdek, yana bir nafar sherigidan davlat foydasiga 120 million 54 ming soʻm qiyatida boʻlgan zararni undirish belgilanadi.

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

//