Nukusda koʻzi ojizlar kutubxonasi uchun ajratilgan pullar talon-toroj qilindi

Saqlash
17:15 / 14.05.2024 623 1

Bosh prokuraturaning xabar qilishicha, yaqinda ishchi guruh tomonidan Qoraqalpogʻiston Respublikasi Nukus shahrida joylashgan koʻzi ojizlar maxsus kutubxonasi faoliyati tekshirilgan.

 

Xabarga koʻra, kutubxona maʼmuriy binosini yangidan qurish va jihozlash boʻyicha amalga oshirilgan qiymati 10,4 mlrd soʻmlik pudrat ishlari oʻrganilganda jami 530,4 mln soʻmlik ishlar haqiqatda bajarilmagani aniqlangan.

 

 

Bajarilmagan ishlar esa hisobotlarga qoʻshib yozilgan va “ortib qolgan” pul talon-toroj qilingan.

 

Jumladan, kutubxonani jihozlash maqsadida ajratilgan 2 ta “brayl” printeri uchun 90 mln soʻm va 1 ta ovoz yozish studiyasi uchun 50 mln soʻm mablagʻlar ham oʻzlashtirib yuborilgani maʼlum boʻldi.

 

Oqibatda koʻrish qobiliyatida nuqsoni bor shaxslarni qoraqalpoq tilida zarur adabiyot va audio materiallar bilan taʼminlash imkoni cheklangan.

 

Mazkur holat yuzasidan JKning 167-moddasi (Oʻzlashtirish yoki rastrata yoʻli bilan talon-toroj qilish) 3-qismi “a” bandi hamda 209-moddasi (Mansab soxtakorligi) 1-qismi bilan jinoyat ishi qoʻzgʻatilgan.

 

“Hozirda tergov harakatlari olib borilib, yetkazilgan zararni qoplash choralari koʻrilmoqda”, deyiladi xabarda.

1 Izoh

Nozima

17:05 / 14.05.2024

İnsofsiz ekan usha mas'ul xodimlar. Ulani inson deyishga ham or qilaman. Hayvon desam hayvonlarni ham haqorat qigan bulaman. Shunday mansabdorlarni umuman davlat ishidan ishlayolmaydigan qilish kerak.

Izoh qoldirish

//