Haydovchilik guvohnomasi yoʻq haydovchi YPX inspektorini urib yubordi

Saqlash
19:58 / 13.05.2024 863 0

Maʼlum boʻlishicha, voqea kecha, 12-may kuni soat taxminan 19:20 larda Chilonzor tumanida sodir boʻlgan.

 

 

Oʻsha kuni YPX inspektori Humoyun Sharipov oʻz xizmat vazifasini oʻtayotgan vaqtida Lutfiy koʻchasi boʻylab harakatlanib kelayotgan “BYD” rusumli davlat raqam belgisi 10 Y 070 GB boʻlgan avtomobil harakatlanishidan shubhalanadi va hushtak hamda jezl yordamida toʻxtash ishorasini beradi.

 

Biroq, haydovchi — 2002 yilda tugʻilgan O.A. (haydovchilik guvohnomasi mavjud emas) YPX inspektorining qonuniy talablariga boʻysunmasdan harakatni davom ettiradi va 150-200 metr oʻtib ortga qayrilib olgan vaqtida, YPX inspektori qayta toʻxtash ishorasini berib, avtomashinalar harakatini toʻliq toʻxtatadi.

 

O.A. esa IIO xodimining qonuniy talablarini qasddan bajarmagan holda, YPX inspektorini ustiga mashinasini haydab, uni urib yuboradi.

 

Xabarga koʻra, jiddiy jarohat olgan YPX inspektori X.Sharipov “Ikkala son suyagi sinishi” tashxisi bilan hozirda kasalxonaga yotqizilgan.

 

“Mazkur holat yuzasidan Chilonzor tumani prokuraturasi tomonidan Oʻzbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 219-moddasi (Hokimiyat vakiliga yoki fuqaroviy burchini bajarayotgan shaxsga qarshilik koʻrsatish) va 266-moddasi 1-qismi (“Transport vositalari harakati yoki ulardan foydalanish xavfsizligi qoidalarini buzish”) bilan jinoyat ishi qoʻzgʻatilgan. Hozirda tergov harakatlari olib borilmoqda”, deyiladi xabarda.

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

//