Koʻmak xonalarida zoʻravonlikka uchragan ayollar yuqumli kasalliklar boʻyicha tekshiriladi

Saqlash
14:54 / 13.05.2024 779 0

Prezident Qaroriga koʻra, tazyiq va zoʻravonlikdan jabrlangan shaxslarga ijtimoiy xizmatlar koʻrsatish takomillashtiriladi.

 

Jumladan, tazyiqdan jabrlangan shaxslarga ruhiy inqiroz holatida birlamchi tibbiy xizmat koʻrsatish tizimini yoʻlga qoʻyish maqsadida, shoshilinch qabul boʻlimlarida tun-u kun ishlaydigan birlamchi koʻmak xonalari tashkil etiladi.

 

Bunday muassasalar 2024-yil 1-iyundan Jizzax, Navoiy va Xorazm viloyatlarida, shu yilning 1-oktabridan respublikaning qolgan barcha hududlarida tashkil qilinadi.

 

Birlamchi koʻmak xonalarida jismoniy va ruhiy holatini yaxshilash uchun tazyiq va zoʻravonlikka uchragan, oʻz joniga suiqasd qilgan yoki oʻz joniga qasd qilishga moyilligi boʻlgan xotin-qizlar hamda ularning voyaga yetmagan farzandlari uch sutkadan koʻp boʻlmagan muddatga joylashtiriladi.

 

Shuningdek, ularga shoshilinch birinchi yordam, shu jumladan ruhiy, psixoterapevtik yordam koʻrsatiladi. Ulardan yuqumli kasalliklar mavjudligi toʻgʻrisida tahlillar olinadi.

 

Shu yilning 1-oktabridan esa himoya orderi berilgan har bir holatda tazyiq va zoʻravonlik sodir etgan yoki sodir etishga moyil boʻlgan shaxsning zoʻravonlik xulq-atvorini oʻzgartirish boʻyicha tuzatish dasturi “Inson” markazlari bilan kelishilgan holda tasdiqlanadi.

 

Shu bilan 1-yanvardan boshlab ichki ishlar organlari tomonidan tazyiq oʻtkazgan va zoʻravonlik sodir etgan yoki sodir etishga moyil boʻlgan shaxslarning reestri yuritiladi.

 

1-dekabrdan binoan bir kalendar yil davomida ikki va undan ortiq marta tazyiq va zoʻravonlik holati boʻyicha murojaat qilinganda ichki ishlar organlari tomonidan himoya orderi tashabbus tartibida beriladi.

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

//