Siyosat
Prezident shonli bayram – 9-may – Xotira va qadrlash kuni hamda Ikkinchi jahon urushida qozonilgan buyuk g‘alabaning 79 yilligi munosabati bilan mo‘tabar faxriylar va ko‘p millatli o‘zbek xalqini samimiy muborakbod etib, barchaga o‘zining chuqur hurmati va ezgu tilaklarini bildirdi.
“Ushbu qutlug‘ kunda insoniyat tarixidagi eng dahshatli urushda jasorat ko‘rsatib, bashariyatni fashizm balosidan saqlab qolgan qahramon ota-bobolarimiz hamda front ortida mardona mehnat qilib, g‘alabani ta’minlashga munosib hissa qo‘shgan mard va olijanob yurtdoshlarimiz xotirasiga yuksak hurmat-ehtirom bajo keltiramiz.
Jang maydonlaridan omon qaytib, mamlakatimiz ravnaqi yo‘lida fidokorona xizmat qilgan, bugungi kunda ezgu duolari bilan hayotimizning fayzu farishtasi bo‘lib kelayotgan qadrli urush va mehnat faxriylariga cheksiz tashakkurimizni izhor etamiz.
Ayni vaqtda mustaqillik yillarida Vatanimiz ozodligi, xalqimizning tinchligi va osoyishtaligini himoya qilish hamda o‘z xizmat burchini ado etish yo‘lida halok bo‘lgan jasur harbiylarimiz xotirasini minnatdorlik bilan esga olamiz”, degan davlat rahbari.
Tabrikda urush yillarida frontga safarbar etilgan 1 million 950 mingdan ziyod o‘zbekistonlik jangchilardan 538 mingdan ko‘prog‘i halok bo‘lgani, 158 mingdan ortig‘i bedarak yo‘qolgani, 870 mingdan oshig‘i turli jarohatlar olgani, 60 ming nafardan ziyodi esa nogiron bo‘lib qaytgani esga olingan.
Qayd etilishicha, urush davrida 214 ming askar va ofitserlarimiz jangovar orden va medallar bilan taqdirlangan, ularning 301 nafari Sovet Ittifoqi Qahramoni unvoniga, 70 nafari uchala darajadagi “Slava” (“Shuhrat”) ordeniga sazovor bo‘lgan.
Bundan tashqari, O‘zbekiston aholisi 1941-1943-yillarda mudofaa fondiga 475 million rubldan ortiq mablag‘ni, 22 million rubllik qimmatbaho shaxsiy buyumlarini ixtiyoriy ravishda topshirgani ham g‘alabani yaqinlashtirishga yana bir muhim hissa bo‘lib qo‘shilgan.
“Hozirgi g‘oyat murakkab va tahlikali zamonda yoshlarimizni vatanparvarlik ruhida tarbiyalash, farzandlarimizni turli zararli ta’sirlardan himoya qilish, bebaho boyligimiz bo‘lgan tinchlik va barqarorlikni, millatlar va dinlararo do‘stlik va ahillikni asrashdek o‘ta muhim vazifalarni bajarishda qahramon faxriylarimizning jasorati, shonli an’analari biz uchun hamisha ibrat maktabi bo‘lib xizmat qiladi. Biz ulardan ruh va kuch olib, Vatan himoyachilari, tinchlik posbonlari, Yangi O‘zbekiston bunyodkorlari bo‘lishdek yuksak burchimizni albatta sharaf bilan ado etamiz.
Siz, azizlarni bugungi ulug‘ ayyom bilan yana bir bor chin qalbimdan tabriklayman. Barchangizga sihat-salomatlik, baxt va omad, xonadonlaringizga fayzu baraka tilayman.
Yurtimiz tinch, xalqimiz doimo omon bo‘lsin”, deb yakunlangan prezident tabriknomasi.
Siyosat
Jahon
Ilm-fan
Jamiyat
Jamiyat
Jamiyat
Jamiyat
Jamiyat
Jamiyat
Jamiyat
//
Izoh yo‘q