Jamiyat
Toshkent shahri Yakkasaroy tumani hokimligi yuriskonsulti Nodir Akbarov maktab basseynida vafot etdi, deb xabar berdi Kun.
Nashrning yozilishicha, hokimlik xodimlari uchun 18-aprel kuni ziyofat tadbiri oʻtkazilgan. Unda spirtli ichimliklar ham isteʼmol qilingan boʻlishi mumkin.
“Tadbir yakunlangach, hokimning ikki oʻrinbosari hamda yuristi maishatni tumandagi 160-sonli bolalar va oʻsmirlar maktabiga tegishli basseynda davom ettirishgan. Basseynda choʻmilish chogʻida hokimlik yuriskonsultining sogʻligi yomonlashib, vafot etgan”, deyiladi xabarda.
Mazkur maʼlumotni Bosh prokuror matbuot kotibi Hayot Shamsutdinov ham tasdiqlagan.
Shamsutdinov 2024-yil 18-aprel kuni, soat 15:30 lar atrofida 1970-yilda tugʻilgan erkak (Yakkasaroy tumani hokimligi huquqshunosi) tumanda joylashgan maktabdagi basseynda choʻmilganda ahvoli yomonlashib, vafot etganini maʼlum qilgan.
Xabarga koʻra, marhumning oʻlim sababini aniqlash maqsadida sudga oid tibbiyot ekspertizasi tayinlangan. Hozirda holat yuzasidan prokuratura tomonidan tergovga qadar tekshiruv harakatlari olib borilmoqda.
Shuningdek, nashr Yakkasaroy tumani hokimi Nilufar Allabergenovaning qaroriga koʻra 2024-yil 22-aprel kuni Nodir Akbarov bilan mehnat shartnomasi uning vafot etgani munosabati bilan bekor qilingani haqida yozgan.
Nashr holat yuzasidan izoh olish maqsadida Toshkent shahar hokimligi matbuot xizmati bilan bogʻlanganda, bu borada Yakkasaroy tumani hokimligidan maʼlumot olish mumkinligini bildirishgan.
“Biroq Yakkasaroy tumani hokimligi matbuot xizmati tahririyat soʻrovlarini javobsiz qoldirdi”, deb yakunlanadi xabar.
Jamiyat
Jamiyat
Jamiyat
Ilm-fan
Jamiyat
Sport
Jamiyat
Jamiyat
Jamiyat
Jamiyat
//
Izoh yo‘q