Voyaga yetmagan qizga tegajogʻlik qilgan shaxslarga nisbatan jinoyat ishi qoʻzgʻatildi

Saqlash
17:29 / 26.04.2024 2471 0

Maʼlum boʻlishicha, joriy yilning 24-aprel kuni Qashqadaryo viloyati Chiroqchi tumanida yashovchi fuqaro O.Y.dan Bolalar ombudsmaniga murojaat kelib tushgan.

 

Murojaatda Chiroqchi tumanida yashovchi voyaga yetmagan qiz B.B. (2006 -yilda tugʻilgan) ga nisbatan jinsiy tegajogʻlik qilinib, holat videoga olinganligi va tasvirni tarqatish bilan tahdid qilinayotganligi bildirilgan.

 

Shundan soʻng Bolalar ombudsmani mazkur holatni oʻz kuzatuviga olgan.

 

Aniqlanishicha, 2023-yil iyul oyida B.B. ga Sh.X. tomonidan jinsiy tegajogʻlik qilinib, bu holat boshqa shaxs — J.M. tomonidan telefon orqali videotasvirga olingan. Keyinchalik J.M videotasvirni tarqatib yuborish bilan qoʻrqitib, qizdan tovlamachilik yoʻli bilan pul olgan. Bu bir marta boʻlmagan. J.M keyin ham videotasvirni tarqatish bilan tahdidni davom ettirgan va tovlamachilik qilib, qizdan pul undirib kelgan.

 

B.B. (2006-yilda tugʻilgan) ham 2024-yilning 30-mart kuniga kelibgina holat boʻyicha tuman IIBga ariza bilan murojaat qilgan.

 

Murojaatga asosan, tergovga qadar tekshiruv doirasida sudga oid tibbiyot, kriminalistika va biologiya ekspertizalari tayinlangan.

 

Xabarda keltirilishicha, joriy yilning 8-aprel kuni JKning 25-moddasi (Jinoyatga tayyorgarlik koʻrish va jinoyat sodir etishga suiqasd qilish) orqali 118-moddasi 1-qismi (Nomusga tegish) va 165-moddasi 1-qismi (Tovlamachilik) bilan jinoyat ishi qoʻzgʻatilgan.

 

Hozirda jinoyat ishi boʻyicha dastlabki tergov harakatlari olib borilmoqda.

 

Mazkur jinoyat ishi Qashqadaryo viloyati prokuraturasi nazoratida boʻlib, Bolalar ombudsmani bu borada oʻz kuzatuvini davom ettirmoqda.

 

“Oʻz navbatida, OAVda internet orqali voyaga yetmaganlarga nisbatan sodir etilgan jinoyat yoki huquqbuzarliklar yuzasidan foto yoki videotasvirlarni ochiq holda tarqatish shaxs, shu jumladan, bola manfaatlariga mutlaqo zidligini eslatamiz. Buning uchun qonunchilikda tegishli javobgarlik koʻzda tutilgan”, deyiladi xabarda.

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

//