24 yoshli firibgar qariyb 60 yashar fuqaroni ikki marta chuv tushirdi

Saqlash
19:42 / 24.04.2024 1117 0

Voqea Qashqadaryo viloyati Chiroqchi tumanida boʻlib oʻtgan.

 

Xabarga koʻra, 59 yoshli U.T. ichki ishlar organlariga oʻzining nomiga nomaʼlum sabablarga koʻra onlayn kredit olinib, pullari oʻzlashtirilganni boʻyicha murojaat qilgan.

 

Oʻtkazilgan tezkor-qidiruv tadbirlari natijasida mazkur jinoyatni Qashqadaryo viloyati Chiroqchi tumanida yashovchi 24 yoshli I.S. sodir etganligi aniqlangan.

 

Aniqlanishicha, IIOga murojaat qilishidan oldin jabrlanuvchi U.T. gumonlanuvchi I.S.dan “TBS bank” ilovasi orqali onlayn mikroqarz olib berishini iltimos qilgan. Gumonlanuvchi ham U.T.ning nomidan mobil ilova orqali roʻyxatdan oʻtib, 8.099.000 soʻm onlayn kredit rasmiylashtirgan va oʻsha vaqtning oʻzida pullarni oʻzining bank kartasiga oʻtkazib olgan. Jabrlanuvchini esa “Sizga kredit berishmadi” deb aldagan.

 

Bundan xabar topgan, jabrlanuvchi U.T. gumonlanuvchi I.S. bilan uchrashib, nima sababdan bunday qilganligini aytgan va pullarni qaytarishni soʻragan. I.S. bu vaziyatda U.T.ning nomiga olgan kreditini yopib berishini aytib, bank kartasini olgan va yana U.T.ning nomiga “Asaka bank” mobil ilovasi orqali 20 mln soʻm onlayn kredit olgan. Shu hisobda, jami 28.099.000 soʻm pullarni talon-toroj qilgan.

 

Xabarda yozilishicha, mazkur holat yuzasidan I.S.ga nisbatan Oʻzbekiston Respublikasi JKning 168-moddasi 2-qismi bilan jinoyat ishi qoʻzgʻatilgan.

 

“Qonunga muvofiq, Oʻzbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 168-moddasi 2-qismidagi jinoiy xatti-harakatlar uchun 3 yildan 5 yilgacha ozodlikdan mahrum qilish jazosi nazarda tutilgan”, deyiladi xabarda.

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

//