Davlat dasturlari ijrosini nazorat qilish boʻyicha shtablar tuziladi

Saqlash
22:33 / 13.12.2021 790 0

Davlat dasturlari ijrosi ustidan nazoratni kuchaytirish boʻyicha Prezident qarori qabul qilindi.

 

Qarorga muvofiq, 2022-yildan boshlab har yili:

 

1-aprelgacha joylarda ijtimoiy va ishlab chiqarish infratuzilmasining holati, yangi loyihalarni amalga oshirish zarurati va ularning joylashuvi, shuningdek, ushbu masalalar boʻyicha keng jamoatchilik fikri oʻrganiladi;

 

1-maygacha loyiha-qidiruv ishlarini moliyalashtirish uchun zarur mablagʻlar buyurtmachilar kesimida shakllantiriladi;

 

yil yakunigacha kelgusi yillar uchun Dastur tasdiqlanib, unga kiritilgan loyihalar boʻyicha tanlov (tender)lar eʼlon qilinadi. Bunda, Dasturga loyiha (loyihaoldi) hujjatlari ekspertizadan oʻtkazilmagan loyihalar kiritilishiga yoʻl qoʻyilmaydi.

 

2022-yil 1-yanvardan konsolidatsiyalashgan byudjet mablagʻlari va boshqa markazlashgan manbalar hisobidan xarajatlarni amalga oshirish va ishlarni bajarish quyidagi hollarda taqiqlanadi:

 

moliyalashtirish manbai aniq boʻlmaganda;

 

loyiha hujjatlari (ishchi loyiha, ish hujjatlari, loyiha-smeta hujjatlari) mavjud boʻlmaganda yoki ular qurilish-montaj ishlari bilan bir vaqtda tayyorlanganda, yaʼni parallel ravishda olib borilganda;

 

pudratchi (loyihachi) tashkilotlar tanlov (tender) oʻtkazilmasdan tanlab olinganda.

 

Qarorga koʻra, Davlat dasturlari shakllantirilishi va ijro etilishini, shuningdek, ushbu dasturlar doirasida mablagʻlar maqsadli ishlatilishini nazorat qilishning yangi tizimi joriy etiladi.

 

Bunda Davlat dasturlari ijro etilishini nazorat qilish va muvofiqlashtirish boʻyicha respublika shtabi, hududiy shtablar hamda tuman (shahar) shtablari tuziladi.

 

Loyihalar tashabbuskorlari faoliyatida “Byudjet nazorati” elektron dasturidan foydalanish imkoniyati yaratiladi.

 

Qarorga koʻra, Bosh prokuratura tuzilmasida Qurilish sohasida qonunchilik ijrosi ustidan nazorat boʻlimi tashkil etiladi.

 

Shuningdek, xatlovdan oʻtkazilgan obyektlarning, shu jumladan kadastr raqami hamda pasportini oʻz ichiga olgan yagona elektron maʼlumotlar bazasini shakllantirish tizimi yaratiladi.

 

2022-yil 1-iyungacha taʼlim, sogʻliqni saqlash, madaniyat, sport va boshqa sohalar uchun yangi zamonaviy idoraviy qurilish normalari joriy etiladi.

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

//