Yengil avtomobillar savdosi oʻtgan 3 oyda pasayib ketgani ochiqlandi

Saqlash
16:41 / 19.04.2024 1924 0

Iqtisodiy tadqiqotlar va islohotlar markazi ekspertlari mart oyi yakunlari boʻyicha Oʻzbekiston avtomobil bozorini sarhisob qildi.

 

Tahlilga koʻra, ketma-ket uchinchi oyda ham avtomobil bozorida faollikning pasayishi kuzatilmoqda. Faqat yengil elektromobillar segmentida biroz oʻsish qayd etilgan.

 

Avvalo, oʻtgan mart oyiga qaraydigan boʻlsak, respublika boʻyicha avtotransport vositalarining umumiy savdosi deyarli 109 ming donani tashkil etgan. Bu esa avtomobil bozori ushbu oy davomida 5,8 foizga kamayganini koʻrsatadi.

 

Yengil avtomobil esa mazkur oyda 96,5 mingta sotildi. Ammo oʻtgan yilning mart oyiga solishtirganda bu 12,1 foizga kam.

 

 

“Hududlar boʻyicha Surxondaryo, Fargʻona va Navoiy viloyatlarida yengil avtomobillar bozorida savdo hajmining eng katta pasayish qayd etildi”, – deyiladi xabarda.

 

Joriy yilning yanvar–fevral–mart oylarini hisoblaganda, mamlakatda yengil avtomobillar 334,3 mingta avtomobil sotilgan. Savdo hajmi esa 3,2 foizga qisqargan.

 

Birlamchi bozorda holat qanday?

Birlamchi bozorda pasayish tendensiyasi bor. Mart oyi davomida sotuvlar 16,7%ga kamaygan holda 24 mingdan ortiq avtomobilni tashkil etgan. Oʻtgan yilga nisbatan esa avtomobil bozorining ushbu segmenti 0,2 foizga biroz oʻsgan, yaʼni talab ortgan.

 

Ammo mart oyida mamlakatimizda ishlab chiqarilgan 19,54 mingta yengil avtomobillari sotilgan boʻlsa-da, bu oʻtgan yilning mart oyiga solishtirganda 17,2 foizga kam hisoblanadi

 

Xorijdan keltirilgan yengil avtomobillar-chi?

Oy davomida xorijda ishlab chiqarilgan avtomobil bozori savdosi ham 13,7 foizga pasaygan. Mart oyida jami 2,3 mingta xorijiy avtomobillar sotilgan boʻlsa-da, bu oʻtgan yilning mart oyiga nisbatan sotuvlar 20 foizga kamayganini bildiradi.

 

Ikkilamchi bozorda nima gap?

Ikkilamchi bozorda ham oluvchilarning “mazasi yoʻq”. Sotuvlar 10,6 foizga kamaygan. Masalan, mart oyida jami 74,6 mingta haydalgan yengil avtomobillar sotilgan. Yillik koʻrsatkichlarda esa 16 foizga sezilarli pasayish kuzatilgan.

 

Elektromobillarga ham talab pasaydimi?

Yoʻq, elektromobillar bozori moʻtadillasha boshladi. Masalan, mart oyida yengil elektromobillar savdosi atigi 0,1%ga oshgan. Yillik hisobda ham sotuvlar 2,4 barobar oshganini koʻrish mumkin.

 

Oʻtgan uch oy davomida esa elektromobillar savdosi 3,7 barobarga koʻpaygan. Sotilgan jami elektromobillar esa 8 mingtadan ziyod.

 

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

//