Endi oʻquvchi xorijga vaqtincha chiqish oldidan maktab direktorini xabardor qiladi

Saqlash
17:41 / 17.04.2024 1181 0

“Oʻquvchilarni sinfdan sinfga va bir umumiy oʻrta taʼlim muassasasidan boshqasiga oʻtkazish tartibi toʻgʻrisidagi nizomni tasdiqlash haqida”gi buyruqqa oʻzgartirishlar va qoʻshimchalar kiritilmoqda.

 

Unga koʻra, endi ota-onalar farzandi bilan birga qaysi xorijiy davlatga ketish sabablarini va xorijda qolish muddatini koʻrsatgan holda maktab direktori nomiga ariza bilan (oʻquv yili davomida) murojaat etadi.

 

Maktabgacha va maktab taʼlimi vazirining shu mazmundagi buyrugʻi loyihasi muhokamalar portaliga joylashtirilgan.

 

Shuningdek, hujjatga binoan, taqdim qilingan ariza maktab direktori tomonidan (direktor boʻlmagan vaqtda, direktor vazifasini vaqtincha bajaruvchi) bir ish kuni ichida koʻrib chiqilib, oʻquvchi vaqtincha xorijiy davlatga ketayotganligi haqida hamda sinf rahbari va fan oʻqituvchilarini xabardor qilish toʻgʻrisida buyruq qabul qilinadi.

 

Maktab direktori bir nechta holatlarda, yaʼni:

◾️ xorijiy davlatga vaqtincha chiqib ketgan oʻquvchilar xorijda boʻlish muddati uzaytirilganligi toʻgʻrisida bir hafta muddatda maktabni xabardor qilmasdan dars mashgʻulotlariga qatnashmaganda;

 

◾️ xorijga vaqtincha chiqish boʻyicha direktorga ariza bermasdan xorijiy davlatga ketganda oʻquvchining ota-onalarini, yashash joyidagi mahalla fuqarolar yigʻini raisini, tegishli tuman (shahar) maktabgacha va maktab taʼlimi boʻlimini va Bolalar masalalari boʻyicha tuman (shahar) komissiyasini yozma ravishda ogohlantiradi va uni dars mashgʻulotlariga jalb etish choralarini koʻradi.

 

Maktab direktori har yili 25-mayga qadar oʻquv yili davomida maktabni xabardor qilmasdan xorijiy davlatga chiqib ketib kamida uch oydan ortiq muddatda uzluksiz dars mashgʻulotlariga qatnashmagan (oʻquv yili yakunlanishidan oldin darsga qatnashgan oʻquvchilar bundan mustasno) oʻquvchilar toʻgʻrisidagi maʼlumotlarni Bolalar masalalari boʻyicha tuman (shahar) komissiyasiga kiritadi.

 

Mazkur oʻquvchilar Bolalar masalalari boʻyicha tuman (shahar) komissiyasi roziligi bilan oʻquvchilar safidan chiqariladi.

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

//