Bir hafta ichida metroda shilqimlik qilish boʻyicha 2 ta ish koʻrib chiqildi

Saqlash
14:47 / 17.04.2024 959 0

Soʻnggi bir hafta mobaynida jinoyat ishlari boʻyicha Chilonzor tumani sudi tomonidan shahvoniy shilqimlik qilish bilan bogʻliq ikkita ish koʻrildi. Ularning ikkalasi ham metroda sodir etilgan, deb yozadi Kun.

 

Maʼlum boʻlishicha, joriy yilning 9-aprel kuni jinoyat ishlari boʻyicha Chilonzor tumani sudida shahvoniy shilqimlikda ayblangan yigitga nisbatan sud hukmi oʻqilgan.

 

Sud qaroriga koʻra, shu yilning 27-martida 1999-yilda tugʻilgan X.A. metroning “Paxtakor” bekatidan “Novza” bekati tomonga borayotganida vagon ichidagi tirbandlikdan foydalanib, oʻziga notanish boʻlgan M.T.ning belidan past qismini ushlab, tegajogʻlik qilgan. Ammo sud majlisida soʻroq qilingan huquqbuzar metro vagonida odam tiqilinch boʻlgani va hamma bir-biriga tegib turgani sabab u ham oʻzi bilmagan holda M.T. ismli qizning belidan pastki qismiga tegib ketganligini bildirgan.

 

X.A. qilgan ishidan pushaymondaligini aytib, oʻziga nisbatan yengillik berishni soʻragan. Sud esa uni Maʼmuriy javobgarlik toʻgʻrisidagi kodeksning 41−1-moddasida nazarda tutilgan (shahvoniy shilqimlik) huquqbuzarlikni sodir qilgan deb topgan hamda unga 5 sutka maʼmuriy qamoq jazosi tayinlagan.

 

Metrodagi “shilqimlik” boʻyicha 8-aprel kuni ham jinoyat ishlari boʻyicha Chilonzor tumani sudida yana bir ish koʻrib chiqilgan.

 

Xabarga koʻra, 2024-yil 1-aprel kuni soat 14:10 larda Chilonzor tumanidagi metroning “Chilonzor” yoʻnalishidagi elektropoyezd vagoni ichida 2003-yilda tugʻilgan fuqaro A.N. oʻziga notanish boʻlgan ayolning bel va tanasining boshqa qismlarini qoʻli bilan ushlagan.

 

Qarorda bildirilishicha, huquqbuzar A.N. oʻzining yuqorida koʻrsatib oʻtilgan holatdagi aybiga iqrorligini, haqiqatdan ham ayolning belidan past qismini qoʻli bilan ushlaganini, hozirda qilmishidan pushaymonligini, bundan keyin bu kabi harakatlarni sodir etmasligini bildirib, suddan yengillik soʻragan.

 

Sud А.Н.ga ham Maʼmuriy javobgarlik toʻgʻrisidagi kodeksning 41−1-moddasining 1-qismida nazarda tutilgan (Shahvoniy shilqimlik) huquqbuzarlikni sodir qilganligi boʻyicha ayblov chiqargan va unga nisbatan 5 (besh) sutka maʼmuriy qamoq jazosi tayinlagan.

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

//