“Maʼnaviyat sektori” faoliyatini “Surxondaryo tajribasi” asosida namunali yoʻlga qoʻyish boʻyicha respublika seminari oʻtkazildi

Saqlash
22:23 / 16.04.2024 1286 0

Davlat rahbarining 2023-yil 16-17 noyabr kuni Surxondaryo viloyatiga tashrifi chogʻida viloyatni iqtisodiy-ijtimoiy rivojlantirish dasturida maʼnaviy-maʼrifiy soha alohida qayd etilib, joriy yilning birinchi choragida mavjud 4 ta sektorga koʻmakchi beshinchi – “Maʼnaviyat sektori”ni tashkil etish tashabbusi bilan chiqilgandi.

 

Xususan, Prezident ushbu yigʻilishda ilm-fan, taʼlim va tarbiya, maʼnaviyat oʻzbek xalqi uchun ustuvor masala ekanligini, bugun jahon miqyosida taraqqiyot surʼatlari misli koʻrilmagan darajada shiddatli tus olayotganligini alohida taʼkidlab oʻtgan edi.

 

 

“Maʼnaviyat sektori” faoliyatini “Surxondaryo tajribasi” asosida namunali yoʻlga qoʻyish boʻyicha 2024-yil 16-aprel kuni respublika seminari oʻtkazildi.

 

Seminar doirasida respublikadan tashrif buyuradigan mehmonlarni Termiz tumanidagi Al-Hakim at-Termiziy majmuasiga ziyorati tashkil etildi.

 

Shuningdek, Termiz shahridagi 26-sonli umumtaʼlim maktabi va 31-sonli maktabgacha taʼlim tashkilotida “Maʼnaviyat sektori” faoliyati bilan tanishildi.

 

Shu bilan birga, Termiz davlat universitetida “Maʼnaviyat sektori” faoliyati bilan tanishuv va “Maʼrifat bogʻi” tashkil etildi. Seminarning rasmiy ochilish marosimi esa Termiz davlat universiteti Axborot texnologiyalari fakultetida oʻtkazildi.

 

Tadbirda Surxondaryo viloyati hokimi Ulugʻbek Qosimov, respublika Maʼnaviyat va maʼrifat markazi rahbari Otabek Xasanov, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi masʼul xodimi Akbar Tagayev, Oʻzbekiston Respublikasi Maktabgacha va maktab taʼlimi vaziri oʻrinbosari Farxod Boqiyev ishtirok etdi.

 

 

Shuningdek, seminarda Qoraqalpogʻiston Respublikasi, Toshkent shahri va viloyatlar hokimliklarining Yoshlar siyosati, ijtimoiy rivojlantirish va maʼnaviy-maʼrifiy ishlar boʻyicha oʻrinbosarlari, Respublika Maʼnaviyat va maʼrifat markazi hududiy boʻlim va boʻlinma rahbarlari, hududiy Maktabgacha va maktab taʼlimi boshqarmalari hamda Oʻzbekiston Mahallalari uyushmasi hududiy boshqarmalarining mutasaddi xodimlari qatnashdi.

 

Shundan soʻng tadbir ishtirokchilari Termiz shahridagi “Oʻzbekiston” mahallasi hamda Yosh chegarachilar harbiy-akademik litseyidagi “Maʼnaviyat sektori” faoliyati bilan tanishdi.

 

 

Yakunda barcha seminar ishtirokchilariga Respublika Maʼnaviyat va maʼrifat markazi Surxondaryo viloyati boʻlimi tomonidan esdalik sovgʻalari topshirildi.

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

//