Qirgʻizistonda arabcha ismlardan voz kechish taklif qilindi

Saqlash
15:15 / 15.04.2024 1059 1

Qirgʻiziston Respublikasi Jogorku Kenesh spikeri Nurlanbek Shakiyev mamlakatda arabcha ismlar qoʻyishni toʻxtatish kerakligini aytgan. Bu haqida Kaktusmedia xabar berdi.

 

Xabarda yozilishicha, spiker ismlarni arabchalashtirish notoʻgʻriligini taʼkidlagan.

 

“Nega biz hamma narsani arabchalashtiryapmiz? “Halal” emas “adal”(qirgʻizcha halol degani). Biz hatto nomlarimizni arabchalashtiramiz. Bizda qirgʻizcha yaxshi nomlar koʻp. Masalan, Baxit, Taalay, Elmurza, Ulukbek, Balbak, Choʻlpon. Nega biz ularni ishlatmay, ismlarni arabchalashtiramiz? Tez orada qirgʻizcha nomlarimiz yoʻqoladi”, degan u.

 

Mazkur taklifga deputat Dastan Jumabekov qarshi chiqqan. U bolaga ism qoʻyish ota-onaning oʻz huquqiga kirishini eslatib oʻtgan.

 

“Siz notoʻgʻri aytdingiz. Bizda demokratiya bor. Agar u (ota-ona) xohlasa, uni (bolasini) Maykl Jekson yoki Ronaldo deb atashi mumkin. Biz ularning tanlovini hurmat qilishimiz kerak”, degan deputat spikerga qarata.

 

Ushbu mavzuga Qirgʻiziston prezidenti Sadir Japarov ham eʼtibor qaratgan. U ham deputatning aytganlarini fikran quvvatlagan.

 

“Arabcha ismlarga kelsak, farzandiga qanday ism qoʻyish har kimning oʻziga bogʻliq. Asosiysi, qalbingda, qalbingda qirgʻiz boʻlib qol. Masalan, bizda Muhammad degan ism ham bor”, degan prezident.

 

Japarov spiker Shakiyevning soʻzlari hukumat pozitsiyasi emas, balki uning shaxsiy fikri ekanini taʼkidlab shunday degan:

 

“Milliy qadriyatlarni asrab-avaylash va ommalashtirish davlat siyosatining asosiy yoʻnalishlaridan biridir. Boy tariximiz va madaniyatimizga tayangan holda kelajak avlodlar uchun sharoit yaratishni maqsad qilganmiz. Buning uchun avvalo turli xalqlar bilan yaxshi munosabatda boʻlishimiz, madaniy hamkorlikni kuchaytirishimiz kerak. Shuning uchun boshqa tillar va madaniyatlarni eʼtiborsiz qoldirish mumkin emas. Hech kim bolalarga qirgʻiz ismlarini qoʻyishni buyurmaydi. Shu bois, maʼnaviy-madaniy qadriyatlarni rivojlantirish va targʻib qilish muhim ahamiyatga ega”.

 

Maʼlumot uchun, qoʻshni Qirgʻizistonda 2023-yilda yangi tugʻilgan chaqaloqlarga qoʻyilgan ismlardan eng mashhuri Muhammad boʻlgan. Undan keyingi oʻrinlarda Umar, Ali, Amir, Alixon, Bilol, Alinur va Usmon ismlari eng koʻp qoʻyilgan. Shuningdek, qizlar orasida oʻtgan yili Soliha, Amina, Fotima, Aliya, Rayana, Safiya, Alfiya, Aylin va Oysha ismlari mashhur boʻlgan.

1 Izoh

Adham

16:04 / 15.04.2024

Ajoyib mavzu. Har bir davlat demkratik siyosatini qoʻllab quvvatlayman. Erkinlik boʻlishi shart. Ism qoʻyish millatni oʻz ixtiyorida.

Izoh qoldirish

//