“Activist“ loyihasi rasman tugatildi

Saqlash
15:18 / 11.04.2024 2647 0

Doʻkonlarda muddati oʻtgan mahsulotlarni tekshirish orqali aholini hushyorlikka chaqirgan loyiha toʻxtatildi. Bu haqida uning asoschi Hojiakbar Nosirovning oʻzi rasman maʼlum qilgan.

 

““Activist” loyihasi butunlay oʻz faoliyatini yakunladi. Sabablari haqida hozircha toʻxtalib oʻtirish niyatim yoʻq. Yaqin bir intervyularda toʻliq yoritib berishga harakat qilaman, xudo xohlasa. Lekin bu oson boʻlmagan yoʻlda bizni qoʻllab-quvvatlagan insonlarga oʻz rahmatimni aytmoqchiman”, degan loyiha asoschisi.

 

Uning aytishicha, u loyiha sabab juda ham koʻp tuhmat va bosimlarga uchrashiga toʻgʻri kelgan. Hattoki oilasi bilan bogʻliq boʻlgan tahdidlarga ham qaramasdan bu yoʻlda davom etib kelayotgan edi. Bunga Hojiakbar “chunki sizlarning qoʻllab-quvvatlashlaringiz va oʻz maqsadimga yetishmaguncha boʻlgan motivatsiya juda ham kuchli dalda berardi” deb izoh bergan.

 

“Endi-chi? Endi nima oʻzgardi?” degan savolga javobim — Oʻzbekistondagi barcha katta supermarketlar va ulardan tashqari juda ham koʻp kichkina marketlardagi katta oʻzgarishlar sababchisi boʻldik. Sizlar bilan, albatta. Hozir har qanday doʻkonga kirgan inson, bizni koʻrgan inson sotib olayotgan narsasiga bitta nazar tashlab qoʻyishni boshladi va bu bizning eng katta yutugʻimiz deb bemalol aytishimiz mumkin” degan Nosirov.

 

Uning aytishicha, garchi “Activist” yopilgan boʻlsa-da, yana yangi 6 xil koʻrinishdagi loyiha boshlamoqchi va bu eski loyihaga qaraganda insonlarga 100 barobar foyda olib kelishiga ishonadi. Va unga erishish uchun eski loyihadan toʻliq voz kechishni toʻgʻri deb hisoblagan.

 

“Ikki yillik faoliyatim davomida kimnidir koʻngliga bilib-bilmay ozor berib qoʻygan boʻlsam, chil dildan uzr soʻrayman. Chunki niyatim hech qachon gʻaraz boʻlmagan. Hammani kirib kelgan hayit ayyomi bilan tabriklayman. Sizlar bilan oʻsha siz bilgan, siz sevgan aktivist boʻldi. hammaga rahmat” deya soʻzlarini yakunlagan “Activist” loyihasi asoschisi Hojiakbar Nosirov.

 

Maʼlum boʻlishicha, loyihaga tegishli Youtube kanalidagi video kontentlar ham, Instagram'dagi videolar ham oʻchirib tashlangan.

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

//