Ramazon Hayitini nishonlash boʻyicha prezident qarori eʼlon qilindi

Saqlash
00:48 / 09.04.2024 2459 0

Ramazon hayitini munosib tantana qilish, ushbu kunlarda namoyon boʻluvchi anʼana va qadriyatlarni asrab-avaylash hamda keng targʻib etish maqsadida Prezidenting maxsus qarori qabul qilindi.

 

“Xalqimiz uchun asrlar davomida ezgulik, mehr-oqibat, xayr-u saxovat, maʼnaviy poklanish ayyomi boʻlib kelayotgan muborak Ramazon oyini bu yil yurtimiz moʻmin-musulmonlari oʻzgacha shukuh va hamjihatlik bilan oʻtkazdilar. Ayniqsa, rahmat va magʻfirat nurlari yogʻiladigan ushbu saodatli kunlarda kam taʼminlangan va ehtiyojmand oilalar, nogironligi boʻlgan shaxslarga moddiy va maʼnaviy yordamlar koʻrsatilayotgani, barcha hududlarimizda keng jamoatchilik vakillari ishtirokida ehson dasturxonlari yozilib, el-yurtimizning tinchligi, baxti va kelajagi uchun duoyi fotihalar qilinayotgani bu oyning fayz-u tarovatini yanada oshirmoqda” deyiladi qarorda.

 

Ramazon hayiti kunlarida yanada yaqqol namoyon boʻladigan ana shunday anʼana va qadriyatlarni asrab-avaylash hamda keng targʻib etish maqsadida, joriy yilda Ramazon hayitining birinchi kuni 10-aprel – chorshanba kuniga toʻgʻri kelishi haqidagi Oʻzbekiston musulmonlari idorasining axboroti maʼlumot uchun qabul qilinib, mamlakat boʻylab 2024-yil 10-aprel kuni Ramazon hayiti bayrami sifatida keng nishonlanishi belgilandi.

 

Shuningdek, Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari, Din ishlari boʻyicha qoʻmita, Oʻzbekiston mahallalari uyushmasi, Ijtimoiy himoya milliy agentligi va boshqa hamkor tashkilotlar bilan birgalikda Ramazon hayitini xalqning milliy anʼana va urf-odatlariga uygʻun holda oʻtkazish boʻyicha tegishli chora-tadbirlarni amalga oshirish buyurildi.

 

“Turizm qoʻmitasi Transport vazirligi bilan birgalikda yurtdoshlarimiz uchun Ramazon hayiti kunlarida moʻtabar ziyoratgohlar va tarixiy qadamjolarga ziyoratlarni tashkil etish maqsadida qulay sharoit va imkoniyatlar yaratsin.

 

Oʻzbekiston Milliy teleradiokompaniyasi, Oʻzbekiston Milliy axborot agentligi va boshqa ommaviy axborot vositalariga Ramazon hayitini nishonlash bilan bogʻliq tadbirlarni keng yoritish tavsiya etilsin.

 

Mazkur qarorning ijrosini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vaziri A.N. Aripov va Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining maslahatchisi M.M. Kamilov zimmasiga yuklansin” deyiladi qarorda.

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

//