Shakar narxi koʻtarilishi mumkin

Saqlash
15:52 / 08.04.2024 1179 0

Idoralararo komissiya tomonidan shakar eksportini taqiqlash qarori qabul qilindi, deb xabar bergan sugar.ru.

 

Unga koʻra, Rossiya Federatsiyasi shakar va xom shakar eksportiga vaqtinchalik taqiq joriy etishga qaror qilgan. Mazkur xabar 5-aprel kuni tarqaldi.

 

Maʼlum boʻlishicha, endilikda Rossiya hududidan shakar va xom shakar eksportiga qoʻyilgan cheklov 2024-yilning 31-avgustigacha amal qiladi.

 

Qaror loyihasi Federatsiyaning Qishloq xoʻjaligi vazirligi tomonidan ishlab chiqilgani aytiladi.

 

Maʼlumotlarga koʻra, joriy mavsum boshidan 2024-yil fevral oyi oxirigacha, toʻliq ikki oy davomida Rossiyaning shakar eksporti 3,3 baravarga oshgan, yaʼni Federatsiya 700 ming tonnadan ortiq shakar sotgan. Bunga esa logistika va toʻlovlar bilan bogʻliq muammolarning hal etilgani hamda taʼminotni sugʻurtalash xarajatlari pasaytirilgani sabab boʻlgan.

 

Eksportga qoʻyilgan cheklov nafaqat shakar, balki shakarqamish va lavlagi qandi, shuningdek, kimyoviy yoʻl bilan tayyorlanadigan saxarozani mamlakatdan olib chiqishga ham taʼsir koʻrsatadi.

 

Ammo qabul qilingan qarorda istisno holatlar ham mavjud. Jumladan, hukumat Yevrosiyo Ittifoqi davlatlari uchun shakar eksportiga qoʻyilgan taqiqni uzaytirmaslikni taklif qilgan. Bundan tashqari, hujjatda eksport qilish uchun taqdim qilinadigan ruxsatnomalar Qishloq xoʻjaligi vazirligining oʻzi tomonidan tasdiqlangan tartibda berilishi belgilangan.

 

Xabarlarda yozilishicha, Rossiya qoʻyilayotgan cheklovlar orqali mahsulot zaxirasini saqlab qolish va Yevrosiyo Ittifoqiga kiruvchi hamkor davlatlarni shakar bilan taʼminlashni maqsad qilgan.

 

Taʼkidlash lozim, Rossiya Oʻzbekistonga oq shakar import qiluvchi yetakchi davlat sanaladi.

 

Maʼlumot uchun, Oʻzbekiston Yevrosiyo Ittifoqiga aʼzo hisoblanmaydi.

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

//