Jamiyat
Toshkent shahridagi masjidlarda oʻgʻirlik qilib yurgan shaxs qoʻlga olinib, 6 yilga qamaldi, deb xabar berdi OʻzA.
Maʼlum boʻlishicha, fuqaro I.O Toshkentdagi “Abu-saxiy” savdo markazida joylashgan jome masjidi tahoratxonasida shu ishni qilgan. U kiyim qoʻyish joyida turgan kurtkalardan birining choʻntagidan 60 ming soʻm va “Samsung A24” rusumli telefonni olib, voqea joyidan qochib ketgan.
Boshqa kuni esa u Shayx Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf jome masjidi tahoratxonasiga kirgan va “Samsung A23” telefon apparatini oʻgʻirlagan.
Sudlanuvchi I.O. sud majlisida eʼlon qilingan ayblovga toʻliq iqrorlik bildirib, haqiqatan ham masjidlarga kirib, tahoratxonasiga ilib qoʻyilgan ust kiyimlarning choʻntaklaridan pul va telefon apparatlarini oʻgʻirlaganini tan olgan.
Aybiga iqror boʻlish davomida I.O pulni oʻz ehtiyojiga ishlatib yuborganini, telefon apparatlarini esa har birini 500 ming soʻmdan sotganini maʼlum qilgan.
Ayblanuvchining aytishicha, u aslida masjidga namoz oʻqish uchun borgan, ammo tahoratxonada hech kim yoʻqligidan foydalanib, oʻgʻrilik qilgan. Shundan soʻng, namoz oʻqimasdan masjiddan chiqib ketgan.
Sudlanuvchi I.O. oʻz qilmishidan chin koʻngildan pushaymon ekanini, yengilroq jazo tayinlashni, jabrlanuvchilarga yetkazilgan zararni qoplab berishini aytgan. Jabrlanuvchilar Z.Y. hamda Sh.S. esa suddan sudlanuvchiga nisbatan qonuniy jazo berishni soʻragan.
“Sud I.O.ga nisbatan jazo turi va miqdorini tayinlashda, jinoyatlarni gʻarazli maqsadlarda sodir etganini jazoni ogʻirlashtiruvchi holat, deb topdi. Aybiga toʻliq iqror boʻlib, qilmishidan chin koʻngildan pushaymonligini esa jazoni yengillashtiruvchi holat, deb baholadi. Sud hukmiga koʻra, I.O.ga 6 yil muddatga ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlandi”, deyiladi xabarda.
Shu bilan birga, sud jarayonida yetkazilgan moddiy zararlar masalasi ham muhokama qilingan. Xulosaga koʻra, sudlanuvchi I.O.dan jabrlanuvchi Z.Y. foydasiga 2 million 783 ming soʻm, jabrlanuvchi Sh.S. foydasiga 1,5 million soʻm undirish belgilangan.
Jamiyat
Jamiyat
Jamiyat
Ilm-fan
Jamiyat
Sport
Jamiyat
Jamiyat
Jamiyat
Jamiyat
//
Izoh yo‘q