Mast fuqaro tanishini otib qoʻydi

Saqlash
19:18 / 01.04.2024 1314 0

Qashqadaryo viloyatining Shahrisabz shahrida mast fuqaro tanishini otib qoʻydi. O'q qoʻlbola usulda yasalgan quroldan otilgan, deb xabar berdi “Daryo”.

 

Voqea joriy yil 29-mart kuni, soat taxminan 19:30 da sodir boʻlgan.

 

Maʼlum boʻlishicha, Shahrisabz shahrining “Qoʻshxona” mahallasida yashovchi Sh.U. 29-mart kuni, soat 15:00 larda Damas avtomobilida ketayotganda oʻziga oldindan tanish boʻlgan Sh.R.ni koʻrib qoladi.

 

Keyin ikkalasi birgalashib boʻlib hududdagi kafelardan biriga boradi va spirtli ichimlik isteʼmol qiladi.

 

Taxminan bir soatlardan keyin ular kafedan chiqadi va yana bir tanishi T.A.ni koʻrib qolib, uni ham avtomashinaga mindirib oladi va uchalasi yana spirtli ichimlik isteʼmol qilish maqsadida boshqa kafega boradi.

 

Bosh prokuratura axborot xizmatining bildirishicha, ulfatlar kafeda yana spirtli ichimlik isteʼmol qiladi va yakunda mast holda bazm pulini toʻlash ustida tortishib qoladi.

 

Tortishish davomida Sh.U. tanishi T.A.ga yoʻlda kelayotgan paytda 50 ming soʻm pul berganligini, shu bois ovqatlanish xarajatini toʻliq toʻlashini aytadi. Sherigi esa unga hamma pulni toʻlamasligini bildirib, undan olgan 50 ming soʻm pulini qaytarib beradi.

 

U.Sh. pulni olmasdan unga “Pulni choʻntagingga solib qoʻy”, deya jahl qilib, avtomobilidagi temir quvurdan qoʻlbola usulda yasalgan qurolni oladi va sherigining boshiga qaratib bir marta oʻq uzadi hamda voqea joyidan ketib qoladi.

 

T.A. olgan tan jarohati oqibatida Shahrisabz shahar tibbiyot birlashmasi shoshilinch tez tibbiy yordam boʻlimiga yotqiziladi.

 

Xabarga koʻra, sherigiga oʻq uzgan U.Sh. hodisa joyidan qochmoqchi boʻlib, avtomobilida ketayotgan paytda voqea joyidan taxminan 500 metr uzoqlikda boʻlgan IIB tezkor xodimlari tomonidan ushlangan.

 

Shahrisabz shahar tibbiyot birlashmasining 29-mart kuni taqdim etilgan maʼlumotnomasida T.A.ning tanasida ogʻir ochiq teshib oʻtuvchi bosh miya jarohati, bosh miya ichidagi metall va suyak parchalari, chap peshona suyagining parchalanib singan jarohati, chap qosh ustida ezilib yirtilgan koʻrinishida tan jarohatlari borligi, ahvoli oʻta ogʻir darajada ekanligi qayd etilgan.

 

Mazkur holat yuzasidan Shahrisabz tuman prokuraturasi tomonidan fuqaroga nisbatan Jinoyat kodeksining 25,97-moddasi 2-qismi “d” va “l” bandlari (bezorilik oqibatida, boshqa shaxslarning hayoti uchun xavfli boʻlgan usulda qasddan odam oʻldirish) bilan jinoyat ishi qoʻzgʻatilib, Jinoyat protsessual kodeksining 221-moddasi tartibida ushlangan. Hozirda tergov harakatlari olib borilmoqda.

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

//