Chiqarilganiga 3 yil boʻlmagan avtomobillar diagnostik tekshiruvdan oʻtkazilmaydi

Saqlash
15:40 / 31.03.2024 1573 0

2024-yil 1-iyundan “Ekologik transport” tizimi bosqichma-bosqich joriy qilinadi.

 

Bunda hududlar ekologik holatidan kelib chiqib, “yashil”(“toza”), “sariq”(“oʻrta”) va “qizil”(“zararli”) zonalarga boʻlinadi.

 

Qarorga koʻra, yoʻl harakati xavfsizligi xizmati boʻlinmalari 1-iyundan mashinalarni roʻyxatga olish va qayta roʻyxatdan oʻtkazish jarayonida ekologik stiker berishni boshlaydi. Buning uchun alohida toʻlov qilinmaydi.

 

Diagnostik tekshiruvdan oʻtgan transportlarga ham uch turdagi yorliqlar yopishtiriladi(“yashil” — “toza”, “sariq” — “oʻrta” va “qizil” — “zararli”).

 

Yorliq yopishtirilgan transportlar oʻzlariga taalluqli boʻlgan joylarda harakatlanadi. Agar transport vositalari oʻzlariga berilgan toifaga mos kelmaydigan zonalarda harakatlanishi lozim boʻlsa, ulardan oʻsha hududda harakatlanishi uchun kompensatsiya toʻlovi undiriladi.

 

Bundan tashqari, toifasi past boʻlgan ayrim avtomobillarning muayyan zonalarda harakatlanishi cheklanadi yoki umuman taqiqlanadi.

 

Tartibga rioya qilmaganlar javobgarlikka tortiladi.

 

Bu turdagi qoida buzilishlar joylarda oʻrnatilgan foto va video qayd etish texnika vositalari orqali aniqlanadi.

 

Ekologik stikerlar 2027-yil 1-yanvariga qadar Toshkent shahrida, 2029-yil 1-yanvarga qadar Nukus shahri va viloyatlar markazlarida, 2031-yil 1-yanvarga qadar boshqa hududlarda majburiy tartibda beriladi.

 

Ma'lumot uchun, elektromobil va elektromotosikllar hamda ishlab chiqarilganiga 3 yildan oshmagan boshqa turdagi transport vositalari uchun “yashil” stikerlar hech qanday tekshiruvlarsiz, avtomatik ravishda beriladi. Bunda ularning egalari onlayn axborot tizimlari orqali murojaat qilishi lozim boʻladi. “Yashil” ekologik toifasi esa ularga pochta orqali yuboriladi.

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

//