“Maʼlumotlar kirill alifbosida toʻldirilishi kerak”

Saqlash
22:47 / 29.03.2024 2357 0

Ijtimoiy tarmoqlarda Oliy taʼlim, fan va innovatsiyalar vazirining birinchi oʻrinbosari Komiljon Karimov buyrugʻi ostida OTM rektorlari va filial direktorlariga joʻnatilgan xat tarqaldi.

 

 

Xat joriy yilning 27-martida chiqarilgan boʻlib, unda 2021-2024 yillar davomida har bir OTM rektori, prorektorlari, boʻlim va boshqarma boshliqlari, fakultet dekanlari va kafedra mudirlari amalga oshirgan safarlar boʻyicha maʼlumotlarini oʻzbek tilida kirill alifbosi bilan berishi soʻralgan.

 

Mazkur buyruq xati ijtimoiy tarmoqlarda keng jamoatchilik eʼtiborini tortdi va koʻplab muhokamalarga sabab boʻldi. Lotin yozuviga oʻtish keng targʻib qilinayotgan bir vaqtda Oliy taʼlim vazirligi xodimining kirill yozuvida maʼlumot talab qilishi jamoatchilik vakillarini toʻlqinlantirib yubordi.

 

Vazirlik rasmiy munosabat bildirar ekan, mazkur holat Oliy taʼlim, fan va innovatsiyalar vazirligi rahbariyati va masʼullari ishtirokida tahlil qilinib, hujjatlarni ishlab chiqish va ish yuritish boʻyicha kelgusida bu kabi holatlarga qayta yoʻl qoʻymasligini maʼlum qilgan. Shuningdek,endilikda bunday kamchiliklarning oldini olish boʻyicha aniq vazifalar belgilangani aytilgan.

 

“Ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgan xatda keltirilgan holat yuzasidan mazkur xat masʼul ijrochisi bilan tushuntirish ishlari olib borilib, zarur tavsiyalar berildi. Tizim xodimlari uchun davlat tilida ish yuritish asoslari boʻyicha seminarlar oʻtkazilishi rejalashtirildi”, deyiladi munosabatda.

 

Tizimdagi ishlar toʻliq davlat tilida, yaʼni lotin yozuviga asoslangan oʻzbek alifbosida olib borilayotganini aytgan vazirlik tashqi yozuvlar, koʻrsatkichlar, turli axborot-maʼlumot va tanishtiruv vositalari ham lotin yozuvida boʻlishi taʼminlanganini bildirgan. Munosabatda, shuningdek vazirlik va tizim tashkilotlari xodimlarining Toshkent davlat oʻzbek tili va adabiyoti universiteti huzuridagi Davlat tilida ish yuritish asoslarini oʻqitish va malaka oshirish markazida muttasil ravishda malaka oshirishlari tashkil qilingani ham qistirib oʻtilgan. Biroq qariyb bir varaq izoh berilgan boʻlsa-da, Oliy taʼlim vazirligi tarqalgan buyruq xatida nega kirill yozuvida maʼlumot talab qilingani yuzasidan tushuntirish bermagan.

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

//