Ma’naviyat sohasida Yangi O‘zbekiston jamiyati axloq kodeksi va konsepsiyasini ishlab chiqish zarur – professor Qiyom Nazarov

Saqlash
14:45 / 29.03.2024 1765 0

Respublika Ma’naviyat va ma’rifat markazi huzuridagi Ijtimoiy-ma’naviy tadqiqotlar instituti tomonidan “Zamonaviy targ‘ibot texnologiyalari va ma’naviy-ma’rifiy ishlar samaradorligini oshirishning dolzarb masalalari” mavzusida respublika ilmiy-amaliy konferensiyasi o‘tkazildi. Unda professor-o‘qituvchilar va amaliyotchi mutaxassislar, davlat va jamoat tashkilotlari vakillari, doktorantlar va tadqiqotchilar ishtirok etdi.

 

Mazkur ilmiy-amaliy anjuman O‘zbekistonda ma’naviy-ma’rifiy ishlarni yangi bosqichga ko‘tarish, ijtimoiy-ma’naviy muhit holatini o‘rganish, ijtimoiy tarmoqlarning yoshlar ma’naviy-axloqiy qarashlariga ta’siri, ma’naviy tarbiyaning samarali va ta’sirchan usullari, muammo va yechimlari kabi muammolar muhokamasiga bag‘ishlandi. Konferensiyada ma’naviyat sohasidagi tadqiqotlar monitoringi va optimallashtirishning bugungi kundagi ahamiyati milliy va ma’naviy muhit bilan bog‘langan tarzda muhokama etildi. Konferensiya sho‘balari ushbu ilmiy muammolarga aloqador to‘rt yo‘nalishda tanlangan.

 

Otabek Hasanov, Respublika Ma’naviyat va ma’rifat markazi rahbari:

 

Globallashuv jarayonida axborotning oqimi ko‘p, tarqalishi tezkor. Bugun uni to‘xtatib, chegara qo‘yib bo‘lmasligini angladik. Lekin bu informatsion makonga qanday qilib ma’rifatni, vatanparvarlikni olib kirish, yoshlarda qadriyatlarga hurmat ruhini shakllantirish mumkin?

 

Bu kabi savollarga bugun faqat quruq gaplar bilan emas, ilmiy asoslar bilan javob topish mumkin. Shu ma’noda konferensiya oldimizga qo‘ygan savollarimizga javob topishda amaliy ahamiyat kasb etadi.

 

Qiyom Nazarov, falsafa fanlari doktori, professor:

 

– Ma’naviyat sohasida qonun ijodkorligini yo‘lga qo‘yish muhim vazifalardan biridir. Ushbu sohani ilmiy jihatdan o‘rganish yuzasidan bir qator ishlar amalga oshirildi. Aytaylik, madaniyat sohasida qonun bor, konsepsiya bor, Ishchi dastur bor. Ammo ma’naviyat sohasida bunday hujjatlar mavjud emas. Oldimizda turgan vazifalardan biri, ma’naviyat sohasida Yangi O‘zbekiston jamiyati axloq kodeksi va konsepsiyasini ishlab chiqish, umumrespublika ilmiy-tadqiqot dasturini yaratishdan iborat.

 

Muhammadjon Quronov, pedagogika fanlari doktori, professor:

 

Targ‘ibotni samarasi ko‘rib, tinglab, tushunib ketishda emas, insonlarning xulqida namoyon bo‘lishi kerak. Ma’naviyat sohasidagi tadqiqotlar monitoringi va optimallashtirish bo‘yicha tajriba almashinuvlar, nazariy xulosalar bilan amaliyotni uyg‘unlashtirish bo‘yicha takliflar mamlakatimizda ijtimoiy-ma’naviy muhitni yanada yaxshilashga, ma’naviy-ma’rifiy ishlar samaradorligini oshirishga xizmat qiladi.

 

Anjumanning munozaralar qismi qizg‘in savol-javoblarga boy tarzda o‘tdi. Oliy ta’lim muassasalarining Yoshlar masalalari va ma’naviy-ma’rifiy ishlar bo‘yicha birinchi prorektorlari, bo‘lim boshliqlari ham o‘z mulohaza va takliflarini bildirib o‘tdi.

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

//