Maktablarda “Sanʼat” fanini oʻqitish taklif etilmoqda

Saqlash
14:10 / 29.03.2024 1547 0

Kunikecha Prezident maktab taʼlimini rivojlantirish va sifatini oshirishga oid rejalar taqdimoti bilan tanishdi.

 

Unda umumiy oʻrta taʼlim tizimini yangi bosqichga olib chiqish, uning oliy taʼlim bilan mutanosibligini mustahkamlash boʻyicha bir qator masalalar koʻrib chiqildi.

 

Jumladan, taqdimotda taʼlim va boshqa sohalarda madaniyatni keng yoyish masalalariga ham eʼtibor qaratildi. Yosh avlodda sanʼatga mehrni maktab va oliygohdan boshlab shakllantirish zarurligi taʼkidlandi.

 

Shu maqsadda ijod maktablarida “Tasviriy sanʼat va chizmachilik” fani oʻrniga “Sanʼat” fanini kiritish taklif etilmoqda. Bunda faqat rasm chizish emas, balki rangtasvir, hunarmandchilik, kinematografiya, haykaltaroshlik va dizaynga oid koʻnikmalar oʻrgatiladi.

 

Oliy oʻquv yurtlarida bu boʻyicha maslahatchi tizimini Madaniyat vazirligi bilan bogʻlab, maqom, baxshichilik, teatr meroslarini yoshlarga yetkazish vazifasi qoʻyildi.

 

Shuningdek, yirik korxonalar va klasterlar qoshida ansambllar tuzilib, mahallalarda konsertlar, maktablarda madaniyat kunlari tashkil etilishi belgilandi.

 

Shu qatorda, ijod maktablarida taniqli adiblar va jamoat arboblari ishtirokida mahorat darslari tashkil etiladi. Oʻquvchilarning ijodiy ishlarini Yozuvchilar uyushmasi hisobidan nashr etish yoʻlga qoʻyiladi. Turli koʻrik-tanlovlar oʻtkazish orqali iqtidorli yoshlar qoʻllab-quvvatlanadi.

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

//