20 yashar yigit oʻziga tan jarohati yetkazdi

Saqlash
21:05 / 28.03.2024 2362 0

Ijtimoiy tarmoqlarda bir fuqaro oʻziga oʻzi tan jarohati yetkazganligi aks etgan video tarqalmoqda. Mazkur holat yuzasidan Toshkent shahar IIBB rasmiy munosabat bildirdi.

 

Maʼlum boʻlishicha, joriy yilning 25-mart kechasi Chilonzor tumanida bir nechta fuqarolar oʻzaro janjallashib, jamoat tartibini buzganligi haqida xabar kelib tushgan.

 

Voqea joyiga zudlik bilan yetib borgan tuman IIO FMB xodimlari 7 nafar fuqaroni (1989 y.t. K.X., 1992 y.t. F.t., 1999 y.t. S.A., 2001 y.t.t P.D., 2001 y.t. I.X., 2004 y.t. I.X., 2004 y.t. Sh.A.,) tinchlantirib, tegishli hujjatlarni rasmiylashtirish uchun yaqin oradagi IIBga olib bormoqchi boʻlgan.

 

Yoʻlda ketar vaqti ushbu fuqarolar ichki ishlar organlari xodimlarining qonuniy talabini bajarmasdan faol qarshilik koʻrsatgan. Bundan tashqari, ularining ayrimlari nomaʼlum moddadan mastligi aniqlangan.

 

Holat yuzasidan ushbu fuqarolarga nisbatan Oʻzbekiston Respublikasi Maʼmuriy javobgarlik toʻgʻrisidagi kodeksning 183-moddasi (“Mayda bezorilik”), 194-moddasi (“Ichki ishlar organlari xodimining qonuniy talablarini bajarmaslik”) bilan maʼmuriy bayonnoma rasmiylashtirilgan.

 

Ertasiga, yaʼni 2024-yil 26 mart kunida ushbu fuqarolarni sudga olib borish uchun chaqirtiriladi. Oʻsha paytda Chilonzor tumani IIO FMB hovlisida muqaddam Jinoyat kodeksining 277-moddasi (“Bezorilik”) bilan ikki marotaba sudlangan, Maʼmuriy javobgarlik toʻgʻrisidagi kodeksning 194 (“Ichki ishlar organlari xodimining qonuniy talablarini bajarmaslik”), 183 (“Mayda bezorilik”) 56 prim 1 (“Jamoat joylarida tamaki mahsulotini isteʼmol qilish”), 185 prim 3 (“Oʻzbekiston Respublikasi hududida fuqaroviy va xizmat quroli sifatida muomalada boʻlishi taqiqlangan ashyolarning qonunga xilof ravishda muomalada boʻlishi”) moddalari bilan olti marotaba maʼmuriy javobgarlikka tortilgan 2004 yilda tugʻilgan Sh.A. javobgarlikdan qutulish maqsadida namoyishkorona koʻylagini yechib, ogʻzida boʻlgan piska (lezviya) boʻlagi bilan qorin va qoʻl qismini yengil kesib, oʻziga oʻzi tan jarohati yetkazgan.

 

IIO xodimlari tomonidan tezkorlik bilan koʻrilgan choralar natijasida fuqarodan “lezviya” olib qoʻyilib, ogʻir oqibatlarning oldi olingan.

 

Sh.A.ga zudlik bilan birinchi yordam koʻrsatilib, tibbiyot muassasasiga olib borilgan. Unga tibbiyot xodimlari tomonidan tibbiy yordam koʻrsatilganidan soʻng, Sh.A. shu kunning oʻzida uyiga ketgan.

 

Tibbiy maʼlumotga koʻra Sh.A.ga “Qorin old devorining kesilgan jarohatlari, chap qoʻl bilak sohasi kesilgan jarohati” tashxisi qoʻyilgan.

 

“Fuqaro Sh.A, oʻziga oʻzi tan jarohati yetkazganligi holati tuman prokuraturasi tomonidan oʻrganilmoqda”, deyiladi xabarda.

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

//