Agar oylik kechiktiriladigan boʻlsa, xodimga har kechikkan kun uchun foiz toʻlanadi

Saqlash
19:56 / 28.03.2024 2153 0

Bandlik vazirligining xabariga koʻra, Mehnat kodeksining 333-moddasida ish beruvchi ish haqini, taʼtil toʻlovlarini, mehnat shartnomasi bekor qilingandagi toʻlovlarni va (yoki) xodimga toʻlanishi lozim boʻlgan boshqa toʻlovlarni toʻlash muddatini buzsa qanday chora qoʻllanishi lozimligini eslatib oʻtdi.

 

Jumladan, mazkur moddaga binoan, agar ish beruvchi tomon haqiqatdan ham yuqoridagi kabi holatni sodir etsa, beriladigan haqdan tashqari, Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy bankining oʻsha vaqtda amalda boʻlgan qayta moliyalashtirish stavkasidan kelib chiqqan holda, foizlar (pulli kompensatsiya) ham toʻlashi shart.

 

Bunda foiz toʻlov muddatidan keyingi kundan boshlab hisoblab boriladi.

 

Masalan, maosh toʻlash sanasi har oyning 2 kuni etib belgilangan boʻlsa va maosh oyning 10-sanasida toʻlansa, unda ish beruvchi har bir kechikkan kun uchun kompensatsiya toʻlaydi. Mazkur misol bilan tushuntirganda, 3-sanadan to 10-sanagacha boʻlgan har bir kun uchun foiz toʻlanadi. Shu hisobda, ish beruvchi haq toʻlash tartibini buzgani uchun xodimning oyligiga qoʻshib yana “jarima puli” ham toʻlaydi.

 

Xodimga toʻlanishi lozim boʻlgan pulli kompensatsiyaning miqdori Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy banki qayta moliyalash stavkasining oʻn foizi miqdorida belgilanadi.

 

Xodimga toʻlanadigan pulli kompensatsiyaning miqdori jamoa shartnomasi, ichki hujjat yoki mehnat shartnomasi bilan oshirilishi mumkin.

 

Bandlik vazirligining yozishicha, mazkur pulli kompensatsiyani toʻlash majburiyati ish beruvchining oylik ish haqini yoki xodimga toʻlanishi lozim boʻlgan boshqa toʻlovlarni toʻlashning kechiktirilishida aybi bor-yoʻqligidan qatʼi nazar yuzaga keladi.

 

Maʼlumot uchun, Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy banki qayta moliyalash stavkasi 2023-yil 17-martdan hozirgi kunga qadar 14 foiz boʻlib, yaʼni ish haqi kechiktirilgan kun uchun pullik kompensatsiya miqdori 1,4 foizni tashkil etadi.

 

Masalan, xodimning ish haqi, taʼtil toʻlovlari, mehnat shartnomasi bekor qilingandagi toʻlovlar va (yoki) xodimga toʻlanishi lozim boʻlgan boshqa toʻlovlar – jami miqdori 5 mln. soʻm. Ushbu summani 1,4 foizi 70 ming soʻm boʻladi.

 

Ish beruvchi 10 kunga ish haqi va boshqa toʻlovlarni toʻlash muddatini kechiktirsa, shu kunlar uchun jami 700 ming soʻm pulli kompensatsiya toʻlaydi.

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

//