12 yoshli qizga tegajogʻlik qilgan nafaqadagi oʻqituvchi 8 yilga qamaldi

Saqlash
16:22 / 26.03.2024 2236 0

Holat boʻyicha xabar 2023-yilning avgust oyida tarqalgan.

 

Maʼlum boʻlishicha, 12 yoshli qizning onasi Nemolchi.uz'ga murojaat qilgan. Uning soʻzlariga koʻra, u qizini 67 yoshli nafaqadagi musiqa oʻqituvchisiga toʻgarakka qoʻygan. Oʻqituvchi dars berish asnosida ikki yil davomida qizga tegajogʻlik qilib kelgan. Hatto erkak oʻz oʻquvchisining nomusiga tegishiga ham sal qolgan.

 

Oʻqituvchi nafs yoʻlida oilaning toʻliq ishonchiga kirib, hatto ularning uyiga ham borib turgan.

 

Qiz avvaliga mashgʻulotlarga oʻz ota-onasi bilan qatnagan, lekin 2023-yilning mart oyidan boshlab bir oʻzi darsga borishni boshlagan.

 

Qiz birinchi marta yolgʻiz kelganida oʻqituvchi unga dars bermasligini, bu bilan hayotda oʻrnini topa olmasligini aytgan. Musiqa qizning orzusi ekanligini bilib turib, uni qadrsizlantirgan. Shundan soʻng oʻquvchisiga oʻzining “oʻzgacha” munosabatlarini qabul qilishini uqtirib kela boshlagan. Agar qiz ota-onasiga bildiradigan boʻlsa, uning yaxshi shugʻullanmayotganini aytish bilan qoʻrqitgan.

 

Onaning aytishicha, qiz har safar yolgʻiz kelganida oʻqituvchi uni oʻpib, tana qismlariga qoʻl tekkizib, shilqimlik qilgan. Qizning telefonidan pornografik xarakterdagi sayt va komikslarni ochib, jinsiy yaqinlik taklif qilgan. Qizcha oʻqituvchisining bunday munosabatidan shokka tushib, undan bunday qilmaslikni soʻragan. Holat har darsda takrorlanaverganidan qiz hatto oʻz joniga qasd qilish haqida ham oʻylagan.

 

2023-yil 19-may kuni qizcha navbatdagi mashgʻulotga keladi. Oʻqituvchi mast holatda boʻlgan va kirishidanoq qizchaga tegajogʻlik qilib, nomusiga tegmoqchi boʻladi. Qizcha esa qochishga ulguradi. Uyga kelgach, ota-onasi undagi oʻzgarishlarni payqab, nima boʻlganini soʻraydi va qizchadan surishtirib, bor haqiqatni bilib oladi.

 

“Yoshi katta yolgʻiz odam uyimizda deyarli qarindoshimizday boʻlib qolgandi, lekin toʻliq ishonchimizga kirib, qizimizga iflos qiliqlarini (qilishni) boshlaydi. U uzoq (vaqt) davomida qizimizga tegajogʻlik qilib, qizimizni sukut saqlashga majbur qilgan. U esa qoʻrqqanidan jim yurardi. Ikki yil davomida rejalarini tuzib, qizimizga ilk darsdanoq ularda oʻzgacha munosabat boʻlishini bilganini aytadi… Biz nima qilishimiz kerak? Kimdan himoya izlaylik?” — degan ota-ona oʻsha vaqtda qilgan murojaatida.

 

Shundan soʻng, qizning ota-onasi huquq-tartibot idoralari bilan bogʻlangan.

 

Kunikecha, 2024-yil 25-mart kuni Mirobod tuman sudida A. S. (1957 yilda Toshkent shahrida tugʻilgan, maʼlumoti – oliy, nafaqaxoʻr, muqaddam sudlanmagan) ga oid jinoyat ishini koʻrib chiqish boʻyicha sud jarayoni yakunlanib, sud hukmi eʼlon qilindi.

 

Ushbu jinoyat ishi Jinoyat-protsessual kodeksining 19-moddasi (sudda jinoyat ishlarining oshkora koʻrilishi) talablariga muvofiq yopiq sud majlisida koʻrib chiqilgan.

 

Eʼlon qilingan sud hukmiga koʻra, A. S. (oʻqituvchi) Jinoyat kodeksining 119-moddasi (jinsiy ehtiyojni zoʻrlik ishlatib gʻayritabiiy usulda qondirish) 4-qismida nazarda tutilgan jinoyatni sodir etganlikda aybli deb topilib, unga 8 yil muddatga ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlangan. Tayinlangan jazoni umumiy tartibli koloniyada oʻtash belgilangan.

 

Birinchi instansiya sudining hukmi ustidan taraflar qonunda belgilangan tartib va muddatda Toshkent shahar sudiga shikoyat berish va protest keltirishga haqli ekanligi maʼlum qilindi.

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

//