Madaniyat vazirligi madaniyatli insonlarni ragʻbatlantirmoqchi

Saqlash
19:57 / 13.03.2024 1773 1

Madaniyat vazirligi jamiyatdagi “madaniyatli insonlar”ni aniqlab, ularga madaniy hordiq chiqarishlari uchun bepul chiptalar sovgʻa qilishni rejalashtirmoqda, deb xabar berdi Gazeta.uz.

 

Xabarda yozilishicha, 11-mart kuni AOKAda oʻtkazilgan matbuot anjumanida vazirlik boshqarma boshligʻi Jasurbek Shermuhammedov gaz va elektr energiyasidan qarzi boʻlmagan, faol va “madaniyatli fuqarolar” uchun keshbek yigʻib berilishini aytgan.

 

“Gaz va elektrdan qarzi yoʻq, yaxshi yashayotgan, madaniyatli, jamiyatga zarar yetkazmayotgan aholiga keshbek yigʻib bermoqchimiz. U jamiyat hayotida namunali hisoblanadi. Hozirda ushbu rejamiz ustida ish olib borilyapti. Elektron hukumat doirasida kimning nimadan qancha qarzi borligi toʻgʻrisida toʻliq axborotni olish imkoniga ega boʻlamiz”, — degan Jasurbek Shermuhammedov.

 

Rasmiyning qoʻshimcha qilishicha, vazirlik tashabbusi bilan ilgari surilayotgan loyiha hali toʻliq ishlab chiqilmagan. U integratsiya jarayonlariga biroz vaqt kerak boʻlishini aytgan

 

“Nafaqat gaz va elektr energiyasidan qarzi yoʻq fuqarolar, balki sudlanmagan, jamiyat hayotida maʼmuriy javobgarlikka tortilmagan, yoʻl qoidabuzarligi boʻyicha jarimasi yoʻq odamlarga ham platforma orqali ball yigʻib boriladi va unga qarab reyting tuziladi. Shundan soʻng yigʻgan ballidan kelib chiqib, „namunali isteʼmolchi“, „madaniyatli inson“ sifatida baho beriladi. Ularga keshbek emas, davlat tomonidan oʻtkaziladigan bepul tadbirlar: spektakllar, konsertlar va boshqalarga borib, madaniy hordiq chiqarishi uchun elektron chiptalar sovgʻa qilinadi”, — degan Shermuhammedov Gazeta.uz bilan boʻlgan suhbat davomida.

 

Boshqarma boshligʻi loyihaga yana qoʻshimchalar kiritilib, mukammallashtirilishini ham taʼkidlagan.

1 Izoh

Umidabonu

06:03 / 14.03.2024

Assalomu alaykum, bu tizim, jamiyat uchun juda foydali deb o'ylayman, hozir raqobat davri ekanligini hisobga olsak, fuqarolar ham "madaniyatli shaxs" bo'lishga intiladilar va bir-birlaridan o'zish maqsadida ham kommunal to'lovlarni o'z vaqtida bartaraf etadilar. Bu esa davlat iqtisodiyotiga ham qo'l keladi😊

Izoh qoldirish

//