16-18-mart kunlari umumxalq xayriya hashari oʻtkaziladi

Saqlash
22:31 / 07.03.2024 2558 0

2024-yil 16-18-mart kunlari “Obod va fayzli mahalla — yurt koʻrki” shiori ostida umumxalq xayriya hashari oʻtkaziladi.

 

Xabarga koʻra, hashar doirasida “Mahallamga 10 tup daraxt — mening tuhfam” shiori ostida barcha turar joy mavzelari va mahallalarda iqlim sharoitiga mos hamda sugʻorish tizimini hisobga olgan holda daraxt koʻchatlari ekiladi.

 

Umumhashar kunlari bir qancha tadbirlar amalga oshiriladi:

 

Jumladan, aholi punktlarida qarovsiz qolgan daraxtlarni saqlash va parvarish qilish hamda bogʻlarni koʻkalamzorlashtirish, ushbu hududlarda daraxtlar ekish, saqlash va parvarish qilish ishlariga aholining band boʻlmagan qatlami ixtiyoriylik asosida jalb qilinadi.

 

Ijtimoiy himoyaga muhtoj aholi qatlamlari, ayniqsa, ehtiyojmand, mehr-muruvvatga muhtoj, boquvchisiz qolgan keksa va nogironligi boʻlgan fuqarolarning uy-joy sharoitlarini yaxshilashga koʻmaklashiladi.

 

Mahallalar, aholi punktlari, koʻp qavatli turar joylar va hovlilar atrofi, guzarlar, xiyobonlar, ziyoratgohlar, qabristonlar hamda bolalar maydonchalari tartibga keltiriladi.

 

Xabarda yozilishicha, avtomobil yoʻllari, harakatlanish tigʻiz boʻlgan koʻchalar, suv obyektlari, qirgʻoqboʻyi hududlar va zonalar, qurilish maydonlari, bino va inshootlar tomlari, xavfli ishlab chiqarish obyektlari, shuningdek, insonlarning hayoti yoki sogʻligiga xavf tugʻilishi mumkin boʻlgan boshqa joylarda ixtiyoriy tashabbus bilan tadbirlar va boshqa ishlarni amalga oshirish mumkin emas.

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

//