Shavkat Mirziyoyev yangi koʻprikning ochilish marosimida ishtirok etdi

Saqlash
19:53 / 29.02.2024 1794 0

Sal oldinroq davlatimiz rahbari Xorazm viloyati va Qoraqalpogʻiston Respublikasiga boʻladigan tashrifi haqida xabar berilgan edi.

 

Maʼlumot uchun, Prezident Xorazm viloyatiga yetib borgan.

 

Matbuot xizmatining xabar berishicha, davlatimiz rahbari dastlab Qoraqalpogʻiston Respublikasi Amudaryo tumaniga borib, yangi koʻprikning ochilish marosimida ishtirok etgan.

 

 

Prezident ushbu ulkan iqtisodiy va ijtimoiy ahamiyatga ega boʻlgan strategik inshootni barpo etish tashabbusini 2020-yil 13-dekabr kuni Xorazm viloyati faollari bilan uchrashuvda ilgari surgan edi. Shundan soʻng puxta loyiha ishlab chiqilib, katta bunyodkorlik ishlari amalga oshirildi. Qayd etish lozimki, Shavkat Mirziyoyev inshoot qurilishini ikki bor kelib koʻrgan.

 

 

Dastlab poyezdda va avtomobilda yurib, koʻprik sifatini koʻzdan kechirgan Prezident jamoatchilik ishtirokidagi yigʻilishda bu loyihaning samaradorligi, aholi hayotidagi ahamiyatini taʼkidlagan:

“Orolboʻyi mintaqasini, xususan, Qoraqalpogʻiston Respublikasini rivojlantirish, avvalo, ekologik inqiroz oqibatlarini yumshatib, murakkab vaziyatda yashayotgan aholimizga qulay sharoitlar yaratish mamlakatimiz taraqqiyot strategiyasining bosh maqsadlaridan biridir. Ilgari ham aytganimdek, Qoraqalpogʻistonning taqdiri – bu Oʻzbekistonning taqdiri, qoraqalpoq xalqining baxti va farovonligi – bu butun Oʻzbekiston xalqining baxti va farovonligidir. Bugun mana shu ezgu maqsadni amalga oshirish yoʻlida yana bir ulkan qadam qoʻymoqdamiz”, – degan Shavkat Mirziyoyev.

 

Koʻprik qurilgan joy yurtimizning eng chekka hududlaridan biri hisoblanadi. Shu paytgacha odamlar oʻtgan asrning elliginchi yillarida olib kelingan eski ponton koʻprikdan foydalanib kelar edi. Har bahorda muz erib, daryoda suv koʻpayishi bilan u jiddiy shikastlanardi. Bu daryoning ikki tomonidagi aholiga juda koʻp qiyinchiliklar tugʻdirgan.

 

Masalan, Amudaryo tumani aholisi avtomobilda Nukusga borish uchun Urganch va Beruniy orqali yurishga majbur boʻlgan. Buning uchun qoʻshimcha 180 kilometr yoʻl yurishga toʻgʻri kelgan. Poyezdda esa Xorazmning sharq tomonidagi Hazorasp koʻprigidan oʻtib kelingan.

 

“Yangi koʻprik tufayli bu qiyinchiliklar barham topadi, xalqning uzogʻi yaqin boʻladi. U orqali Qoraqalpogʻiston bilan Xorazmni bogʻlaydigan eng yaqin avtomobil va temir yoʻl qatnovi yoʻlga qoʻyiladi”, – deyiladi xabarda.

 

Koʻprikning uzunligi 423 metr. U bilan birga Shovot-Qoraoʻzak bekatlarini bogʻlaydigan 85 kilometrlik temir yoʻl hamda 3 ta vokzal ham barpo etilgan.

 

Bu inshoot samarasida yoʻlning oʻtkazish qobiliyati 4 barobarga oshib, bir kecha-kunduzda 12 ming avtomobil harakatlanadi. Natijada, 48 ming yoʻlovchining 2 soat vaqti tejaladi va daryodan xavfsiz oʻtishi taʼminlanadi.

 

Koʻprik ikki tarafga qarab 24 juft poyezdni oʻtkazish imkoniyatiga ega boʻlib, bu orqali temir yoʻl masofasi 180 kilometrga, yuk tashish tezligi esa 6 soatgacha qisqaradi. Bu esa mahalliy yuklarni tashish hajmini yiliga 2 barobarga oshirish, tashish tannarxini 2 barobarga kamaytirish imkonini beradi. Ushbu temir yoʻl orqali Qozogʻiston va Rossiyaga ham yangi yoʻnalishlar ochiladi.

 

 

Shuningdek, Qoraoʻzak konlaridan tosh endi poyezdlarda tashiladi. Buning hisobiga Oroboʻyi mintaqasidagi 4 million aholi va turistlarga xizmat koʻrsatuvchi avtomobil yoʻllari sifatli saqlanadi. Bundan ham aholi, ham tadbirkor va turistlar katta manfaat topadi.

 

“Biz birgalikda bunyod etgan bu muhtasham koʻprik shunchaki navbatdagi infratuzilma inshooti emas. Bu koʻprik avvalo oʻzbek va qoraqalpoq xalqlari oʻrtasidagi mustahkam ishonch va doʻstlik, ogʻzibirlik va hamkorlik koʻprigidir. Bu yoʻl jahonga ochilayotgan Yangi Oʻzbekiston, Yangi Qoraqalpogʻistonning taraqqiyot va farovonlik yoʻllaridir. Mana shu azim daryoning ikki sohilida, shunday yorugʻ kunlarni orzu qilib yashab kelayotgan ming-minglab yurtdoshlarimizning umidlari roʻyobga chiqqan tarixiy kun barchamizga muborak boʻlsin”, – degan Prezident.

 

Davlatimiz rahbari ogʻir iqlim sharoitida fidokorona mehnat qilgan mohir quruvchilarga, loyihachi va muhandislarga, koʻprikni barpo etishga munosib hissa qoʻshgan barcha insonlarga minnatdorlik bildirgan.

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

//